Vazirlar Mahkamasining 2020-yil
10-iyuldagi 433-son qaroriga
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
bajaruvchi — tashrif buyuruvchiga mehmonxona xizmatlarini taqdim qiluvchi tadbirkorlik subyekti;
bron qilish — tashrif buyuruvchi (buyurtmachi) tomonidan joylashtirish vositasida nomerni (joyni) avvaldan buyurtma qilish;
buyurtmachi — mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq mehmonxona xizmatlarini buyuruvchi yoki sotib oluvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
joylashtirish bo‘yicha xizmatlar (keyingi o‘rinlarda — mehmonxona xizmatlari) — joylashtirish vositasida vaqtinchalik yashash joyi berish bo‘yicha xizmatlar majmui;
joylashtirish vositalari — mehmonxonalar, turizm bazalari va majmualari, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, xostellar, oilaviy mehmon uylari, o‘tov va palatkali oromgohlar, sanatoriylar va mehmonxona xizmatlari — vaqtincha yashash xizmatlarini ko‘rsatadigan boshqa obyektlar, shuningdek tunash uchun qayta jihozlangan yer usti transporti;
nomer (joy) narxi — vaqtincha yashash va bajaruvchi tomonidan belgilangan vaqtincha yashash bilan bog‘liq boshqa mehmonxona xizmatlari qiymati;
ommaviy shartnoma (keyingi o‘rinlarda — shartnoma) — bajaruvchi tomonidan tuzilgan hamda mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha uning vazifalarini belgilovchi shartnoma;
tashrif buyuruvchi — mehmonxona xizmatlarini buyurgan, sotib olgan va/yoki foydalanadigan jismoniy shaxs.
3. Mehmonxona xizmatlariga, shu jumladan, ularning hajmi va sifatiga doir talablar, qonun hujjatlarida boshqa talablar nazarda tutilmagan bo‘lsa, bajaruvchi va tashrif buyuruvchi (buyurtmachi)ning kelishuviga binoan belgilanadi.
4. Nomer (joy) narxi bajaruvchi tomonidan mustaqil belgilanadi.
5. Mehmonxona xizmatlari doimiy yashash joyi, fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qat’i nazar ko‘rsatilishi lozim.
6. Bajaruvchi mazkur Nizom talablariga zid bo‘lmagan, joylashtirish vositasida mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan foydalanishning ichki qoidalarini (keyingi o‘rinlarda — joylashtirish vositasining ichki qoidalari) belgilashi lozim.
7. Joylashtirish vositasiga tashrif buyuruvchining kelish vaqtidan boshlab va uning ketishigacha bo‘lgan muddatda u band qilgan nomerga (joyga) turar-joy daxlsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari tatbiq etiladi.
8. Mehmonxona xizmati ko‘rsatish tartibi bajaruvchi tomonidan tashrif buyuruvchiga (buyurtmachiga) eng ma’qul shaklda ma’lum qilinadi.
9. Joylashtirish vositalari majburiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan sertifikatlashtiriladi.
10. Toifa berilgan joylashtirish vositasining mulkdori va (yoki) egasi uning mazkur toifaga muvofiq bo‘lishini ta’minlashi shart.
2-bob. Bajaruvchi va u tomonidan taqdim etiladigan mehmonxona xizmatlari to‘g‘risida ma’lumotlar
11. Bajaruvchi, tashrif buyuruvchilar tanishishi uchun qulay bo‘lgan joyda, shu jumladan, joylashtirish vositasining qabul qilish joyidagi ma’lumotlar taxtasiga va internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytiga (agar mavjud bo‘lsa) quyidagi ma’lumotlarni joylashtirishi lozim:
a) bajaruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, xususan, nomi, manzili, bog‘lanish uchun telefon raqami, elektron pochta manzili;
b) bajaruvchining yuqori turuvchi tashkiloti to‘g‘risidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
v) joylashtirish vositasining tegishli toifasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
g) mehmonxona xizmatlari uchun muvofiqlik sertifikati nusxasi yoki oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestridan ko‘chirma;
d) nomerlar (joylar) narxi;
e) nomer (joy) narxiga kiradigan mehmonxona xizmatlari ro‘yxati;
j) mehmonxona xizmatlariga to‘lovni amalga oshirish shakli va tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
z) alohida to‘lov evaziga, bajaruvchi tomonidan ko‘rsatiladigan boshqa mehmonxona xizmatlari ro‘yxati, narxi hamda ularni olish shartlari;
i) nomer (joy) bron qilish va bronni bekor qilish shakli, shartlari va tartibi to‘g‘risida ma’lumotlar;
k) imtiyoz olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifasi ro‘yxati, shuningdek, mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishda taqdim etiladigan imtiyozlar ro‘yxati (agar mavjud bo‘lsa);
l) joylashtirish vositasida uchinchi shaxslar tomonidan to‘lov evaziga ko‘rsatiladigan boshqa xizmatlar to‘g‘risida ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
m) joylashtirish vositasiga kelish (ketish) vaqti to‘g‘risida ma’lumotlar;
n) joylashtirish vositasida mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan foydalanish qoidalari to‘g‘risida ma’lumotlar.
12. Bajaruvchi joylashtirish vositasida bo‘lish qoidalari to‘g‘risida har bir nomerni axborot bilan ta’minlashi lozim.
13. Bajaruvchi va u ko‘rsatadigan mehmonxona xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tashrif buyuruvchilarga davlat tilida hamda qo‘shimcha ravishda ingliz va rus tillarida, shuningdek, bajaruvchining ixtiyoriga ko‘ra boshqa tillarda ma’lum qilinadi.
3-bob. Mehmonxona xizmatlarini taqdim etish tartibi va shartlari
14. Bajaruvchi nomerlar (joylar) bron qilishni har qanday shaklda, shu jumladan, shartnoma yoki buyurtma qabul qilish usulida (telefon yoki boshqa shaklda) amalga oshirish huquqiga ega.
15. Bajaruvchi tomonyoidan joylashtirish vositasida bron qilishning quyidagi turlari qo‘llaniladi:
kafolatlangan — joylashtirish vositasida nomer (joy) tashrif buyuruvchi kelishigacha ushlab turiladigan bron qilish turi bo‘lib, bunda tashrif buyuruvchi tomonidan bron o‘z vaqtida bekor qilinmagan, tashrif buyuruvchi belgilangan muddatdan kechikkan yoki kelmagan hollarda tashrif buyuruvchidan nomer (joy)ning bo‘sh turganligi uchun, biroq bir sutkadan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi to‘lov summasi bajaruvchi tomonidan undiriladi.
Bunda tashrif buyuruvchi bir sutkadan ko‘p vaqtga kech qolganda kafolatlangan bron qilish bekor qilinadi;
kafolatlanmagan — joylashtirish vositasida nomer (joy) bajaruvchi tomonidan ma’lum bir soatgacha bron qilinadi, belgilangan muddatda tashrif buyuruvchi kelmaganda kafolatlanmagan bron bekor qilinadi.
Bron qilishning boshqa turlari joylashtirish vositasining ichki qoidalarida belgilanishi mumkin.
16. Tashrif buyuruvchi (buyurtmachi) tomonidan buyurtma qilingan nomer toifasi va uning narxi, bron qilish shartlari, joylashtirish vositasida yashash muddati to‘g‘risidagi, shuningdek, bajaruvchi tomonidan aniqlanadigan boshqa ma’lumotlar olingan vaqtdan boshlab bron haqiqiy hisoblanadi.
17. Tashrif buyuruvchi (buyurtmachi) nomerlar (joylar) bron qilish haqidagi buyurtmani o‘z ixtiyoriga ko‘ra bekor qilish huquqiga ega. Nomerlar (joylar) bronni rad etish tartibi va shakli joylashtirish vositasining ichki qoidalari bilan belgilanadi.
18. Agar buyurtmada ko‘rsatilgan sanada bo‘sh nomer (joy) mavjud bo‘lmasa bajaruvchi bron qilishni rad etish huquqiga ega.
19. Mehmonxona xizmatlari tashrif buyuruvchi tomonidan pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat ko‘rsatganidan so‘ng taqdim etiladi.
20. Joylashtirish vositasida o‘n olti yoshga to‘lmagan fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish ular bilan birga bo‘lgan ota-onalari (qonuniy vakillari) yoki hamrohlik qilayotgan boshqa shaxslarning fuqarolik pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati, hamrohlik qilayotgan shaxslarning vakolatini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek, ushbu voyaga yetmagan shaxslarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yoki pasporti asosida amalga oshiriladi.
21. Tashrif buyuruvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish joylashtirish vositalarida yashovchilarni Internet butun jahon axborot tarmog‘i orqali hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturi orqali amalga oshiriladi.
22. Bajaruvchi tashrif buyuruvchining talabiga ko‘ra u bilan quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi shartnoma tuzishi lozim:
a) bajaruvchining nomi;
b) tashrif buyuruvchi to‘g‘risida ma’lumotlar;
v) taqdim etilayotgan nomer (joy) to‘g‘risida ma’lumotlar;
g) nomer (joy) narxi;
d) joylashtirish vositasida bo‘lish muddati;
e) boshqa zarur ma’lumotlar (tomonlar ixtiyoriga ko‘ra).
Shartnoma elektron yoki yozma shaklda tuzilishi mumkin.
23. Bajaruvchi joylashtirish vositasiga tashrif buyuruvchilarga kecha-kunduz xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
24. Tashrif buyuruvchining joylashtirish vositasiga kelishi va undan ketishi mahalliy vaqt bo‘yicha shu kundagi sutkaning 12:00 soatida belgilanadigan hisob-kitob soatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Bajaruvchi mahalliy xususiyatlar va faoliyat turini hisobga olgan holda belgilangan hisob-kitob soatini o‘zgartirish huquqiga ega.
Hisob-kitob soati va keyingi tashrif buyuruvchining nomerga (joyga) joylashtirish soati oralig‘idagi vaqt (nomer va/yoki joyni tayyorlash uchun) uch soatdan oshmasligi kerak. Kelish vaqti bajaruvchi tomonidan belgilanadi.
25. Nomer (joy) narxi, nomer (joy) narxiga kiradigan mehmonxona xizmatlari ro‘yxati, shuningdek, nomer (joy)ga to‘lovni amalga oshirish shakli va tartibi bajaruvchi tomonidan belgilanadi.
Bajaruvchi yashash uchun sutkali va/yoki soatli to‘lovni belgilashi mumkin.
26. Bajaruvchi tashrif buyuruvchining roziligisiz nomer (joy) narxiga kirmaydigan boshqa qo‘shimcha to‘lov evaziga ko‘rsatiladigan mehmonxona xizmatlarini taqdim qilishi taqiqlanadi.
27. Bajaruvchi tashrif buyuruvchining so‘roviga ko‘ra quyidagi turdagi xizmatlarni bepul tarzda ko‘rsatishi lozim:
a) tez yordam va boshqa maxsus xizmatlarni chaqirish;
b) tibbiyot dori qutisidan foydalanish;
v) tashrif buyuruvchining nomiga yuborilgan yozishmalarni yetkazib berish;
g) ma’lum vaqtda uyg‘otish;
d) qaynagan suv, ignalar, iplar, idish-tovoqlar va oshxona anjomlarining bir to‘plamini taqdim etish;
e) bajaruvchining ixtiyoriga ko‘ra boshqa mehmonxona xizmatlari.
28. Tashrif buyuruvchilarga ko‘rsatilgan mehmonxona xizmatlari uchun to‘lov shartnomada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
29. Hisob-kitob soatidan keyin tashrif buyuruvchining ketishi kechikkan hollarda tashrif buyuruvchidan ko‘rsatilgan mehmonxona xizmati uchun to‘lov miqdori bajaruvchi tomonidan belgilanadi.
30. Tashrif buyuruvchi bajaruvchiga haqiqatan qilgan xarajatlarini to‘lash sharti bilan mehmonxona xizmatlaridan foydalanishni to‘xtatishi mumkin.
4-bob. Bajaruvchi va tashrif buyuruvchining javobgarligi
31. Bajaruvchi tashrif buyuruvchining saqlash uchun topshirilgan buyumlarining butligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 899-moddasida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Bajaruvchi tomonidan tashrif buyuruvchiga buyumlarini saqlash uchun qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi shart.
32. Bajaruvchi shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
33. Shartnoma talablari va/yoki shartlariga javob bermaydigan mehmonxona xizmatlarini taqdim etish natijasida tashrif buyuruvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bajaruvchi tomonidan qoplanishi shart.
34. Tashrif buyuruvchining aybi bilan joylashtirish vositasining mulki yo‘qolgan yoki unga ziyon yetkazilgan hollarda tashrif buyuruvchi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
35. Agar shartnoma shartlari taraflarning biri tomonidan buzilgan taqdirda, ikkinchi taraf shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
36. Ushbu Nizom talablariga rioya qilishni nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rviojlantirish davlat qo‘mitasi, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
37. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.