Maʼlumki, Farg‘ona viloyati milliy hunarmandchilik turlari saqlab qolganligi bilan ham dunyoga dong taratgan. Uning ko‘plab ommaviy axborot vositalari xodimlari ham yaxshi bilishadi. Kuni kecha o‘zbek milliy hunarmandchiligi namunalari va viloyatdagi tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishish maqsadida amerikalik bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar Farg‘onaga tashrif buyurdilar.
Ular dastlab, Marg‘ilon shahridagi “Hunarmandlar markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishib, Marg‘ilon hamda shahardagi – Hunarmandlar markazining sayyohlik salohiyatini o‘rgandilar. “Forbes” jurnali muxbiri Melik Kaylan, deputat Ari Kargan, jurnalist Isaakson Endi Samuel, “The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalovlardan iborat OAV vakillari ham xususiy tadbirkor, senator Ibrohimjon Sultonov rahbarligidagi ushbu markazda bo‘lib milliy matolarimizdan bo‘lgan atlas va adras to‘qish jarayonlarini ishtiyoq bilan kuzatdilar.
Mehmonlarga Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov hamda Marg‘ilon shahar hokimi Adham Ziyavitdinovlar hamrohlik qildi.
– Marg‘ilon asl usta hunarmandlar shahri ekanligiga bevosita guvoh bo‘lib turibman, deydi, “The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalov. Bu yerda biz matoga gul chizishdan boshlab uni tayyor holatga kelish jarayonlariga guvoh bo‘ldik, rosti hayratimiz cheksiz. Shahar hokimiga esa kamalak ranglarida tovlanuvchi milliy matolar tuhfasi uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Mazkur markaz mahsulotlari – gilamlar asosan Turkiyaga, atlas, adras matolar esa, AQSH, Italiya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinib kelinadi.
Shundan so‘ng mehmonlar Marg‘ilon shahridagi IT-park faoliyati bilan tanishdilar. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Keyin esa, Qo‘qon shahriga yo‘l olib, shaharning tarixiy obidalari bilan tanishdilar. Xudoyorxon o‘rdasiga kirib, Qo‘qon xonligi tarixiga katta qiziqish bildirdilar.