Ma’lumki, TURKSOY xalqaro tashkiloti 1993 yilda tashkil topgan bo‘lib, unga 6 ta davlat – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Turkiya doimiy aʼzo hisoblanadi.
Keyinroq kuzatuvchi sifatida Shimoliy Kipr, Tatariston, Boshqirdiston, Oltoy, Saha Respublikalari, Tuva va Xakas o‘lkasi (Rossiya) hamda Gagauz viloyati (Maldova) ham uning tarkibiga kiritilgan.
Tashkilotning bosh binosi Turkiyaning Anqara shahrida joylashgan. Tashkilotning rasmiy tili 3 ta – turk, rus va ingliz tillari.
Tashkilotning asosiy maqsadi turkiy davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi umummilliy do‘stlik va hamkorlikni kuchaytirish, iqtisodiy, moddiy-madaniy yodgorliklarni asrash, kelajak avlodga yetkazish, yana-da rivojlantirishdan va keng targ‘ib qilishdan iborat.
TURKSOYning bosh kotibi Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Akimovich Rayev. 2020 yilda TURKSOYning madaniyat poytaxti etib Xiva shahri tanlangan va 2022 yilgacha shu maqomni saqlab turgan.
Turksoy tashkiloti Turkiy kengash, Xalqaro Turk akademiyasi, Turk madaniyati va merosi fondi, Xalqaro YUNESKO va ISESKO tashkilotlari, MDH ijtimoiy hamkorlik fondi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Joriy yilning 1-6-avgust kunlari Farg‘ona viloyatining turizm va madaniyat sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Turkiyada ijodiy safar bilan bo‘lib, katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
Xususan, Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) va Farg‘ona viloyati o‘rtasida turizm va madaniy aloqalarning huquqiy infratuzilmasini yo‘lga qo‘yadigan hamkorlik memorandumi imzolandi.
TURKSOY tashkiloti tomonidan Turk dunyosi sanʼatkorlari, jumladan O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Farg‘ona viloyat hududiy bo‘linmasi sanʼatkorlari ishtirokida “Turk dunyosidan ilhomlar” gastrol safari munosabati bilan Karaman shahrida imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda nutq so‘zlagan TURKSOY Bosh kotibi Rayev, TURKSOY Bosh Kotibiyati va Farg‘ona viloyati o‘rtasidagi munosabatlar va hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim hujjat imzolash uchun yig‘ilganliklarini bildirdi.
Tarixan Turkiston o‘lkasining markazida joylashgan Farg‘ona o‘zining madaniy qadriyatlari, qadimiy tamadduni, unumdor zamini va olimlari bilan mashhur bo‘lganini, shuningdek, o‘zining meʼmoriy obidalari va tabiiy boyliklari bilan ham muhim turizm markazi ekanligini taʼkidladi. Sulton Rayev “Biz madaniyat va sanʼat loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan va bugun imzolaydigan hamkorlik memorandumi bilan ushbu ishlarni institutsionalizatsiya qilish yo‘lida muhim qadam tashlagan bo‘lamiz. Bu qadamni turk tili birinchi marta rasmiy til sifatida qabul qilingan Karaman shahrida olib borayotganimiz ham biz uchun muhim” dedi.
Shundan so‘ng turk dunyosi madaniyati va merosini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida Turksoy va Farg‘ona viloyati hokimligi o‘rtasida hamkorlikda ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar olib borish; Seminar, konferensiya, simpozium, kongress, dala tadqiqotlari, ko‘rgazma, tanlov, festival, konsert va boshqa turnirlar tashkil etishni nazarda tutuvchi Hamkorlik memorandumi Turksoy Bosh kotibi Sulton Rayev va Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Hurshidjon Ahmedov tomonidan tantanali ravishda imzolandi.
Imzolash marosimidan so‘ng Turksoy Bosh kotibi Sulton Rayev, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Hurshidjon Ahmedov Turk dunyosi madaniyati va sanʼatiga qo‘shgan ulkan xizmatlari uchun TURKSOYning oliy mukofoti – “Shon-sharaf Oltin ordeni” bilan taqdirladi. Shuningdek, xonanda, bastakor va shoir Otabek Mamazoitov ham tashkilot tomonidan Oshiq Veysel tavalludining 125 yilligi munosabati bilan taʼsis etilgan “Oshiq Veysel” medali bilan taqdirlandi.
Marosim “Turk dunyosidan ilhomlar” gastrol safarida qatnashgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston sanʼatkorlariga sovg‘alar va sertifikatlar topshirish bilan yakunlandi.