Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra, Farg‘ona tumanidagi “Avval” va “Vodil” qishloqlarida "Turizm qishlog‘i"ni tashkil qilish va bu jarayonda sayyohlar uchun qulaylik tug‘dirish uchun qishloqlarda oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish vazifasi belgilangan. Topshiriq ijrosi yuzasidan Turizm va madaniy meros vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari L. Zakirlayeva boshchiligidagi ishchi guruh joriy yilning iyun oyida, o‘n kundan ortiq vaqt davomida mazkur qishloqlarida targ‘ibot-tashviqot hamda tushuntirish ishlarini olib bordi.
Xonadonlarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda L. Zakirlayeva boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va faoliyatlarini yana-da rivojlantirish, qishloq hududiga tashrif buyurgan sayyohlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi turdagi turizm xizmatlarini tashkil etish va sifatini oshirish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, xonadon egalariga oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish tartiblari, tadbirkorlik faoliyatini boshlashda tadbirkorlarga beriladigan imtiyozlar, imkoniyatlar bo‘yicha keng tushuntirish ishlarini olib borildi.
Olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida “Avval” qishlog‘ida 19 ta, “Vodil” qishlog‘ida 10 ta xonadan egasi oilaviy mehmon uyi tashkil etish istagini bildirdi. O‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgach, ularga Turizm va madaniy meros vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari L. Zakirlayeva, Farg‘ona viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M. Temirov, Farg‘ona tumani prokurori O. Akbarov, hududlardagi MFY raislari hamda boshqa mutasaddi vakillar ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi oilaviy mehmon uylari yagona reyestridan” ko‘chirma-guvohnomalar topshirildi.
Oilaviy mehmon uylarini ochilish jarayonida ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.