
Bugun, 20-iyun kuni Farg‘ona shahrida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi bilan hamkorlikda mamlakatimizdagi nomdor turoperatorlar, turagentlar va yirik mehmonxona vakillari uchun “O‘zbekiston hududlarida iqtisodiy islohotlar va barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida info-tur o‘z ishini boshladi.
Unda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i X. Ahmedov ishtirok etib, info-tur ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Unda hududlarda 2024 yilga qadar turizmni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi tadbirlar muhokama qilinadi.
- Jamoa bo‘lib sayohat qilish.
- Xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishi.
- Farg‘ona vodiysi turizm salohiyatini ortib borishi.
- Hunarmandchilik imkoniyatlarini targ‘ib qilish.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Farg‘ona vodiysi hududlarining turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, viloyatga sayyohlar oqimini jalb etish va ko‘paytirish, shuningdek, Farg‘ona vodiysida turizmni rivojlantirish sohasidagi dolzarb vazifalarni muhokama qilish uchun platformalar tashkil etish.
Tadbir davomida Farg‘ona viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutaxassislarining yangi turistik loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Info-tur doirasida viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi, hududiy turizm xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilot vakillari ishtirokida alohida davra suhbatlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, davra suhbatida Farg‘ona vodiysi hududlari turizm salohiyatini rivojlantirish va targ‘ib qilish borasidagi dolzarb muammo va to‘siqlarni muhokama qilinadi.
Info-tur ishtirokchilari reja bo‘yicha viloyatning turistik salohiyati yuqori joylar va yangi yo‘nalishdagi obyektlar bilan tanishadilar.
Info-tur ishi davom etmoqda.