Bugun Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Axmedov Hindistondan tashrif buyurgan taniqli mutaxassislar — bolalar jigar transplantatsiyasi, gastroenterologiya va gepatologiya bo‘yicha yetakchi mutaxassis doktor Vikram Kumar hamda gematologiya sohasidagi mutaxassis doktor Rayaz Ahmad bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Farg‘ona viloyatida tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, hamkorlik imkoniyatlari va kelajakdagi rejalar yuzasidan fikr almashdilar.

Xurshidjon Axmedov ushbu soha Farg‘ona viloyati uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidlab, xalqaro tajriba almashinuvi, ilg‘or tibbiy xizmatlarni joriy etish hamda xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.

Shuningdek, uchrashuvda viloyat turizmini, xususan ziyorat va sog‘lomlashtirish turizmini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, Hindistondan keladigan turistlar oqimini oshirish bo‘yicha hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

Bu kabi tashrif va uchrashuvlar Farg‘onaning xalqaro tibbiy turizm xaritasidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

