Bugun, 12-mart kuni Farg‘ona shahridagi “Tarra Nova” mehmonxonasida "Ofisant batler" yo‘nalishidagi o‘quv-trening mashg‘ulotlariga yakun yasaldi.
Farg‘ona viloyat hokimligi, Farg‘ona shahridagi "Ishga marhamat" monomarkazi, Farg‘ona shahar Yoshlar agentligi hamda “Tarra Nova” mehmonxonasi bilan hamkorlikda tashkillangan mazkur trening 3-kun davomida Farg‘ona shahridagi uyushmagan yoshlar, restoran biznesiga qiziqqan tadbirkorlar, joylashtirish vositalarining egalari va boshqa aholi vakillarini qamrab oldi.
Mashg‘ulotlarni turkiyalik restoran ishlari bo‘yicha ekspert, Istanbul shahridagi Mehmonxonalarni boshqarish taʼlim muassasaci mutaxassisi Ug‘ur O‘zgan Uyg‘un olib borib, "Ofisant batler" yo‘nalishida restoran stolini bezatish tartibi (servirovka) bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
"Ofisant batler" yo‘nalishidagi o‘quv-trening mashg‘ulotlarida ishtirok etgan tinglovchilar maxsus sertifikatga ega bo‘ldilar.
Endilikda Farg‘ona shahridagi "Ishga marhamat" monomarkazi tomonidan Turizmning turli sohalariga yo‘naltirilgan 3 oylik o‘quv kurslari doimiy ravishda yo‘lga qo‘yiladi. Unda bir vaqtning o‘zida 30 nafar tinglovchi ishtirok etib, kurslar mavzusi tinglovchilarning talabidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
Tadbirda Farg‘ona viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, Farg‘ona shahar hokimligi, Yoshlar agentligi, viloyatdagi siyosiy partiyalar vakillari, tadbirkorlar va boshqa mutasaddi vakillar ishtirok etdi.
Bahodir Hoshimov