Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 27-apreldagi 203-F-sonli hamda Farg‘ona viloyat hokimligining 2022 yil 23-maydagi 187-11-0-F/22-sonli farmoyishlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida turizm namoyishi obyektlaridagi sanitariya-gigiyena sharoitlarni yaxshilash hamda turistik salohiyati va jozibadorligini yana-da oshirish maqsadida viloyatdagi turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, ziyoratgohlar, odamlar gavjum joylar, turizm zonalari, sihatgoh va dam olish zonalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, ommaviy namoyish joylari, madaniyat va istirohat bog‘lari) o‘rganilmoqda.
Viloyat hokimligining yuqoridagi farmoniga asosan Farg‘ona viloyati hokimligi, viloyat DSEOJS boshqarmasi, Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, Qurilish bosh boshqarmasi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, transport bosh boshqarmasi, avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi, “Hududgaz Farg‘ona” gaz taʼminoti filiali, viloyat FVB, Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi, “Farg‘ona suv taʼminoti” MCHJ, “Farg‘ona elektr tarmoqlari hududiy korxonasi” AJ, Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, viloyat teleradiokompaniyasi hamda shahar (tuman) hokimliklari vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi.
Ishchi guruhga sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish va foydalanish ishlariga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish, sanitariya-gigiyena shoxobchalarini sanitariya, gigiyenik, shaharsozlik norma va qoidalari talablariga javob berishi o‘rganish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish vazifasi belgilandi.
Shu maqsadda 14-iyun kuni ishchi guruh aʼzolari Farg‘ona shahridagi 20 dan ortiq turizm namoyishi obyektlarini ko‘zdan kechirildi. Xususan shahar markaziy dehqon bozori, kiyim-kechak bozori, ulgurji savdo majmuasi, avtoshohbekat va boshqa aholi gavjum joylardagi sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rganildi. Afsuski, o‘rganilgan obyektlarning deyarli barchasi ayanchli ahvolda. Ayrimlari umuman faoliyat ko‘rsatmaydi. Qolganlarida sanitariya normalari, yong‘in va texnik xavfsizlik talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha masʼul shaxslarga qatʼiy ko‘rsatmalar va holatni o‘nglash uchun muddat belgilandi.
Ishchi guruh o‘z faoliyatini davom ettirmoqda