Ayni kunlarda Farg‘onadagi turizm sohasi xodimlarining qo‘li-qo‘liga tegmayapti desa, mubolag‘a bo‘lmaydi. Kuni kecha GIZ bilan hamkorlikda mehmonxona xodimlari uchun o‘tkazilgan seminar-trening o‘z ishini yakunlab, 100 dan ortiq yosh tinglovchilarga zamonaviy bilimlar berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 27-apreldagi 203-F-sonli hamda Farg‘ona viloyat hokimligining 2022 yil 23-maydagi 187-11-0-F/22-sonli farmoyishlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida turizm namoyishi obyektlaridagi sanitariya-gigiyena sharoitlari o‘rganilib, joylarda tegishli taʼsir choralari ko‘rilmoqda. Yoki, o‘tgan haftada mamlakatimizdagi nomdor turoperatorlar, turagentlar va yirik mehmonxona vakillari uchun “O‘zbekiston hududlarida iqtisodiy islohotlar va barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida info-tur o‘tkazildi.
23-iyun kuni esa, bir vaqtning o‘zida Farg‘ona viloyatining uchta qishlog‘ida – Rishton tumani "Farovonlik" MFY, Farg‘ona tumani “Mozortagi” MFY va “Vodil” MFYda USAIDning tarbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish loyihasi doirasida “Qishloq aholisining kasbiy malakalarini oshirish orqali O‘zbekistonda SVT turizmini rivojlantirish” mavzusidagi 1 haftalik o‘quv-seminar ish boshladi. Unga turizm salohiyati yuqori bo‘lgan qishloqlarning 90 ga yaqin yoshlari jalb qilindi. Seminar davomida tinglovchilar zamonaviy turizmning kreativ turlari, nozik qirralari, zamonaviy texnologik imkoniyatlari to‘g‘risida amaliy bilimlarga ega bo‘lishmoqda.
Bulardan tashqari viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan turizm salohiyati yuqori qishloqlarda targ'bot va oilaviy mehmon uylari ochish ishlarini ham tashkillashmoqda. So‘nggi kunlarda 30 dan ortiq oilaviy mehmon uyi ochilganligi to‘g‘risida xabar berilgan edi. 24-iyunda yana 5 ta yangi oilaviy mehmon uyiga reyestirdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar topshirildi. Umumiy hisobda viloyatdagi oilaviy mehmon uylarining soni 230 taga yetdi.