Yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarni nafaqat muqaddas qadamjolar va arxeologik yodgorliklarimiz, balki serquyosh o‘lkamizda yetishtirilayotgan noz-ne’matlar, milliy shirinliklar, holvalar va taomlarimiz, qolaversa, madaniyatimiz va beqiyos merosga ega san’atimiz bilan ham hayratda qoldirish, bir so‘z bilan aytganda, o‘zbekona mehmondo‘stlikni tarannum etish maqsadi ustuvor.
Shu nuqtai nazardan, viloyatimizga xorijiy va mahalliy sayyohlarni yanada ko‘proq jalb qilish maqsadida har bir shahar va tumanda madaniy-ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil qilish loyihasi ishlab chiqilgan.
Bilamizki, Oltiariq tumani nafaqat tilimi tilni yorar uzumi, balki sarxil olma-yu o‘rigi, qovun-tarvuzi bilan ham dovrug‘ taratgan.
Kuni kecha Oltiariq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil
29-iyul kungi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan tadbirlarga muvofiq, shuningdek viloyatda agroturizmni jadal rivojlantirish maqsadida, Uzumchilik festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni viloyat hokimining o‘rinbosari X. Axmedov ochib berdi.
O‘ziga xos hosil bayramiga aylangan namoyishda mirishkor dehqon-u bog‘bonlar o‘z mehnatlari mahsuli bilan barchani xursand qildilar.
Ushbu festivalga, nafaqat qo'shni Qirg'iziston va Qozog'iston davlatlaridan, balki uzoq xorij davlatlardan, jumladan Italiya, Fransiya, Belarussiya, Pokiston, Rossiya, Yaponiya va Angliya davlatlaridi xirijiy sayyojlar tashrif buyurdilar. Ular Oltiariq tumaniga birinchi tashriflari, uzum plantatsiyalaridan olgan taassurotlari bilan bo'lishishdi.
Shuningdek tadbirga, Andijon va Namangan viloyatlarida havaskor uzumchilar ham tashrif buyurishdi.
Festival milliy folklor-etnografik jamoalar, qirg‘iz, tatar etnografik jamoalarining bayramona chiqishlariga ulandi.