
Viloyatimizda turizm sohasini rivojlantirish, yangi turistik obyektlar yaratish hamda sayyohlar sonini ko‘paytirish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu borada viloyatimizdagi qadimiy maskan va manzilgohlarni o‘rganish, ularda ilmiy tadqiqotlar olib borish alohida ahamiyat kasb etadi. Ayni kunlarda Farg‘ona viloyati hokimligining tegishli qarori bilan Qo‘qon shahridagi “Tepaqo‘rg‘on” hamda Quva tumanidagi “Quva shahristoni” arxeologik obyektlarida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Quva shahristonidagi tadqiqot ishlariga FDU professori, tarix fanlari doktori M. Isomiddinov boshchilik qilib, ekspeditsiyaga respublikamizning yetakchi arxeologlari hamda universitetning maxsus kurs magistrant va talabalari jalb qilingan.
Ekspeditsiyaning dastlabki o‘n kunlik ishlari natijasiga ko‘ra, Quva shahristonining Ark qismida milodiy XI-XII asrlarga mansub madaniy qatlam ochib o‘rganilmoqda. Bir nechta xonadan iborat qazish maydonida uy-ro‘zg‘or buyumlari, meʼmoriy qurilma, o‘choq va boshqa maishiy qurilmalarning qoldiqlari topildi. Sopol, shisha, metall va boshqa ashyolardan tashqari mis va bronza pul birliklari ham topilmoqda.
Bugun, 18-may kuni Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i X. Ahmedov, Quva tumani hokimi X. Umarov va boshqa mutasaddi vakillar ushbu obyektda bo‘lib, tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Kelgusida Quva shahristoni negizida “Farg‘ona shaharsozlik tarixi muzeyi” hamda “Ochiq osmon ostidagi muzey” barpo etiladi.