O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (915-son, 30.12.2024 y.) qarori bilan “Turistik klasterlarni tashkil etish va ularga turistik klaster maqomini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi
Unga ko‘ra, turistik klaster maqomi kompleks turistik xizmatlar hamda turistning va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun zarur bo‘lgan boshqa qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatuvchi mustaqil tashkilotlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar majmuiga beriladi.
Turistik klasterlar belgilangan tartibda turistik klaster maqomi to‘g‘risidagi guvohnomani olgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Turizm qo‘mitasi turistik klaster maqomini berish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.
Bunda, ariza beruvchi elektron shaklda yoki pochta orqali belgilangan shakldagi ariza bilan vakolatli organga murojaat qiladi.
Turistik klasterlarni tashkil etish va turistik klaster maqomini olish uchun tadbirkorlik subyektlari quyidagi talablarga javob berishi lozim, jumladan:
- turistik klaster faoliyati turoperator – mehmonxona – transport – xizmatlarini ko‘rsatish bilan to‘liq qamrab olinganligi;
- turistik klaster hududida sig‘imi kamida 40 nafar mehmon uchun mo‘ljallangan joylashtirish vositasining mavjudligi;
- turistik klaster hududida mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarini (esdalik sovg‘alari) sotish shohobchalari (kamida bitta savdo nuqtasi) mavjudligi nazarda tutilgan.
Hozirda ushbu qaror ijrosi bo‘yicha «turoperator — mehmonxona — transport — savdo va servis» xizmatlari birgalikda ko‘rsatiladigan turistik klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ularning xizmat va mahsulotlarini xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida targ‘ib qilish choralarini ko‘rib borilmoqda.
Farg‘ona viloyati Turizm boshqarmasi viloyatda turizm sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlariga turistik klasterlarni tashkil etish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida zarur shart-sharoitlarni yaratib berish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatishini ma’lum qiladi.