Bugun 5 dekabr kuni Marg‘ilon turizm va madaniy meros texnikumida yangi o‘quv binosi hamda Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ) va “Leo-Impact Consulting” xalqaro kompaniyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston hududlarida iqtisodiy islohotlar va barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida bilim yurti o‘quvchilari uchun zamonaviy o‘quv laboratoriya xonalarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Joachim Fritz va loyiha menejeri Beate Schoreit, Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Farg‘ona viloyati turizm va madaniy meros boshqarmasi, Marg‘ilon shahar hokimligi vakillari, mehmon sifatida Tojikiston xalqaro turizm va tadbirkorlik universitetining So‘g‘d viloyati (Xo‘jand shahri)dagi filiali fakultet dekani, iqtisod fanlari nomzodi S. Raximov va boshqarma boshlig‘i X. Abdujalilov ham ishtirok etdilar.
Tadbirni ochib berish uchun O'zbekiston Respublikasi bosh vaziri o'rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov nomidan vazir o'rinbosari Nusratilla Zikrillayev tomonidan nutq o'qib eshitirildi.
Loyiha doirasida Marg‘ilon turizm va madaniy meros texnikumida GIZ tomonidan “Mehmonxona”, “Mijozlar bilan ishlash” va “Kafe-restoran” kabi uchta amaliyot xonalari to‘liq jihozlab berildi. Tadbir davomida mehmonlarga ushbu zamonaviy amaliyot xonalari tanishtirildi.