Home \ Yangiliklar \ Qo'qonda arxeologik tadqiqotlar olib boriladi

Qo'qonda arxeologik tadqiqotlar olib boriladi

« Back

Qo'qonda arxeologik tadqiqotlar olib boriladi 06.03.2022 18:55

Maʼlumki, 2021 yil iyun oyida Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi a‘zo mamlakatlarining Turizm masalalari bo‘yicha vazirlarining VI yig‘ilishida Qo‘qon shahri Turkiy dunyo turizm poytaxti, deb eʼlon qilingan edi.

O‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Farg‘ona viloyat hokimligi va Qo‘qon shahar hokimligi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Bu borada alohida chora-tadbirlar ham belgilab olindi. Ayniqsa, qadimiy Qo‘qon tarixining tub ildizlarini tadqiq qilish, uni ommalashtirish, turistlar uchun maxsus ko‘rgazma va ekspozitsiyalar yaratish yo‘lidagi ishlar kun sayin dolzarb bo‘lib bormoqda. Qo‘qondagi Tepaqo‘rg‘on arxeologik yodgorligi muhim ahamiyat kasb etib, yaqindagina viloyat hokimi H. Bozarov ushbu obyektga tashrif buyurdi va undagi arxeologik tadqiqotlarni qayta tiklash, topilgan ashyolar vositasida muzey tashkil etish to‘g‘risida topshiriqlar bergan edi.

Bugun shu maqsadda tarix fanlari doktori A. Anorboyev boshchiligidagi ishchi guruh ushbu obyektga kelib, tadqiqotlar yuzasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Mehmonlar viloyat hokimi o‘rinbosari X. Ahmedov bilan uchrashib, kelgusidagi ilmiy-amaliy ishlar rejasi tuzib oldilar.     

photo_2022-03-06_17-24-17

Tarixchilar yaxshi biladi-ki, Qo‘qon xonligiga asos solgan Shohruhbiy Ashirquli Otaliq o‘g‘li ilk marta hozirgi Ko‘k To‘nli Ota mavzesida 1709-1710 yillarda o‘zi uchun muhtasham saroy qurdiradi. Mazkur saroy bir vaqtning o‘zida qal‘a vazifasini ham bajargan bo‘lib, bu qal‘a mahalliy aholi tomonidan Eskiqo‘rg‘on deb atalgan.1721 yilda Shohruhbiy vafot etib, o‘rniga katta o‘g‘li Abdurrahimbiy xon bo‘ladi. Abdurrahimbiy biroz vaqt otasining o‘rdasida yashab turadi. Uning davrida xonlik hududi kengayib, davlat anchagina mustahkamlanadi. Imkoniyat ham ko‘payib, otasining eski qo‘rg‘oni saltanat uchun torlik qilib qoladi. Natijada Abdurrahimbiy 1723 yilda shaharning hozirgi Tepaqo‘rg‘on mavzesiga yaqin joyda yangi o‘rda qurdiradi. Bu o‘rda xalq tili bilan aytganda “Qal‘ai Raimbiy” deb nom oladi. Vaqt o‘tishi bilan bu o‘rda ham nurab, Tepaqo‘rg‘onning yuqori qatlamlarida uning izlarini ko‘rish mumkin.

photo_2022-03-06_16-46-33 (2)

            Aslida bu mavzeda qadimgi Qo‘qonning tarixiy ildizlari yastanib yotganligi esa yaqindagina maʼlum bo‘ldi. Tepaqo‘rg‘onda 2007-2011 yillarda A. Anorboyev boshchiligida O‘zFA Arxeologiya instituti ekspeditsiyasi ish olib borgan edi. O‘shanda ekspeditsiya Tepaqo‘rg‘on yodgorligi ostida milodiy era boshlariga mansub madaniy qatlamlar mavjudligini aniqlanib, bu haqda bir necha ilmiy maqolalar eʼlon qilindi (Qadimgi Qo‘qon tarixidan. O‘zbekiston  Mil­liy Universiteti to‘plami. T., 2010;  2008-2011 yillarda Qo‘qon shahridagi arxeologik tadqiqotlar natija­lari. O‘zbekistonda 2010-2011 yillardagi  arxeologik tadqiqotlar. 8-son; Qo‘qon shahri qadimgi tarixini o‘rganish uchun 2007 yilda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar. O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar 2008-2009 yillar. 7-son).

photo_2022-03-06_16-46-32

photo_2022-03-06_16-46-30

            Bu safargi tadqiqotlar ana shu tadqiqotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, endilikda Tepaqo‘rg‘onni o‘ziga hos noyob turistik maskanga aylantirish ko‘zda tutilmoqda. O‘ylaymizki, amalga oshirilayotgan ishlar Qo‘qon shahrini tom maʼnodagi Turkiy dunyo turizm poytaxtiga aylanishida muhim rol o‘ynaydi.

Bahodir Hoshimov


Aloqalarimiz
Manzili:
150100 г. Farg'ona sh, Alisher Navoiy k-si, 17 A-uy. Tel., +998732441440, +998732444914