Maʼlumki, Qo‘qon shahri “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” deb eʼlon qilingandan buyon shaharda turli ilmiy va madaniy-maʼrifiy ishlar olib borilmoqda. Tarixiy binolar tartibga solinib, ko‘chalar obodonlashtirilmoqda. Shunday tadbirlardan biri 14-aprel kuni o‘z faoliyatini boshlab, unda bir nechta davlatlardan nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.
“Qo‘qon xonligi davlatchilik tarixi” mavzusidagi mazkur xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Konferensiya Qo‘qon davlat pedagogika instituti majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Uni Farg‘ona viloyat xokimi o‘rinbosari X. R. Ahmedov hamda Qo‘qon shahar xokimi M. A. Usmonov kirish so‘zi bilan ochib berishdi.
Konferensiyada O‘zbekiston tomonidan tarix fanlari doktori H. N. Bobobekov, O‘zbekiston FA Tarix instituti direktori o‘rinbosari, tarix fanlari nomzodi Sh. Y. Mahmudov, Andijon Davlat Universiteti dotsenti, tarix fanlari doktori M. Abdullayev, Andijon mashinasozlik instituti professori, tarix fanlari doktori U. S. Abdullayev, QDPI professori, filologiya fanlari doktori Z. Qobilova, TDTU professori, tarix fanlari doktori R. E. Xoliqova, Qirg‘iziston tomonidan O‘sh O‘zbek-Qirg‘iz xalqaro universiteti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi N. D. Tilekova, PhD G. M. Burdina, tarix fanlari nomzodi V. E. Anarbekova hamda Tojikiston tomonidan tarix fanlari doktori N. T. Rahimov, tarix fanlari nomzodi B. R. Tursunov va tarix fanlari nomzodi J. A. Abdukarimov kabi nomdor tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Bundan tashqari 50 dan ortiq tadqiqotchi Qo‘qon xonligi tarixiga oid yangi maʼruzalar bilan chiqishlar qildi. Kun davomida konferensiya ishtirokchilari Qo‘qon shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat qildilar. Bugun konferensiya o‘z ishning davom ettirmoqda.
Bahodir Hoshimov