Mamlakatimizda Rishton va Rishton kulollari haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Shu kungacha bu mavzuda ko‘plab tarixchi va sanʼatshunoslar maqola va kitoblar yozgan. Xususan, O. Suxareva, L. Kuznetsova, A. Hakimov, L. Kodzayeva va boshqalarning ishlarini alohida eʼtirof etish lozim. Yaqindagina mashhur sanʼatshunos Elmira Gyul tomonidan chop etilgan kitob-albom ham bu boradagi yangi ishlardan biridir.
Bu borada Farg‘ona viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Sayyohlarga tarqatma material sifatida tayyorlangan bir necha bukletlar bilan birga soha haqida kitoblar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu loyihaning umumiy koordinatori Muzaffar Temirov hisoblanadi.
Kuni kecha Farg‘ona viloyati hokimligining ko‘magi bilan 4,0 bosma taboqli “Rishton va Rishton sopoli” nomli kitob nashrdan chiqdi. Kitob rus tilida (“Rishtan i rishtanskaya keramika”) chop etilgan bo‘lib, u viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi xodimi Bahodir Hoshimov tomonidan tayyorlandi. Kitob tuman tarixi, madaniy meros obyektlari, arxeologik yodgorliklari va albatta kulolchiligi haqidagi qimmatli maʼlumotlarni o‘zida mujassamlashtirgan. Aslida kitobning ahamiyatli tomoni ham shunda. Shu vaqtgacha chiqarilgan kitob va maqolalar asosan xalq amaliy sanʼatiga yoki ayrim taniqli kulollarning ijodiga bag‘ishlangan bo‘lardi. Bu manbada esa, bu jihatlar mujassamlashgan holda bayon etilgan.
O‘ylamizki, bu kitob Rishton tarixi va amaliy sanʼati ixlosmandlari uchun yaxshi ko‘makchi bo‘ladi.
Maʼlumot o‘rnida aytish joizki, viloyat hokimligining ushbu loyihasi doirasida Qo‘qon, Marg‘ilon va Shohimardon to‘g‘risidagi turistik kitoblar tayyorlangan. Tez kunlarda "Qadimiy va zamonaviy Quva" kitobi ham dunyo yuzini ko‘radi (loyiha rahbari M. Temirov, tuzuvchi B. Hoshimov).