Home \ Biz haqimizda \ Turizm faoliyatini yo'lga qo'yish va yuritish NIZOMLARI \ Turizm mahallasi, Turizm qishlog‘i va Turizm ovuli maqomini berish tartibi to‘g‘risida NIZOM

Turizm mahallasi, Turizm qishlog‘i va Turizm ovuli maqomini berish tartibi to‘g‘risida NIZOM

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil

10-iyuldagi 433-son qaroriga

8-ILOVA

Fuqarolar yig‘inlariga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” va “Turizm ovuli” maqomini berish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom fuqarolar yig‘inlariga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” va “Turizm ovuli” maqomini berish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

ariza beruvchi — vakolatli davlat organiga fuqarolar yig‘iniga turistik maqomni berish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan fuqarolar yig‘inining tegishli hududida istiqomat qiluvchi fuqaro yoki fuqarolar yig‘ini raisi;

vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Respublikasining Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi;

Markaz — O‘zbekiston Respublikasining Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi “Turistik xizmatlarni sertifikatlash markazi” davlat unitar korxonasi;

“Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” va “Turizm ovuli” (keyingi o‘rinlarda — turizm mahallasi) — fuqarolar yig‘inlari hududining mavjud tabiy, tarixiy-madaniy resurslari va xususiyatlari asosida turistik xizmatlar (turistik mahsulotlar) majmui shakllangan va ushbu hududga taqdim etiladigan maqom;

turizm mahsuloti — turistning sayohatlari davomida uning ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan turizm xizmatlari, shu jumladan turar joy, ovqatlanish, transport, ekskursiya va maslahat xizmatlari, ishlari va mahsulotlari majmui;

turist — vaqtincha bo‘lish mamlakatidagi (joyidagi) manbalardan daromad olish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanmagan holda vaqtincha bo‘lish mamlakatiga (joyiga) yigirma to‘rt soatdan ketma-ket o‘n ikki oygacha bo‘lgan davrga boruvchi yoki vaqtincha bo‘lish mamlakatida (joyida) kamida bir kecha tunab qoluvchi jismoniy shaxs;

ekskursant — vaqtincha bo‘lish mamlakatida (joyida) tunab qolmasdan yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan davrda sayohat qiluvchi jismoniy shaxs.

3. Fuqarolar yig‘iniga turizm mahallasi maqomini berishdan asosiy maqsadlar quyidagilar hisoblanadi:

fuqarolar yig‘inida azaldan saqlanib qolgan moddiy va madaniy merosini, urf-odatlari va turmush tarzini saqlash, ilgari surish va targ‘ib qilish;

xorijiy va mahalliy turistlarni keng jalb qilish;

turizmni barqaror rivojlantirish;

turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

mahalliy aholining madaniyati va an’analarini ommalashtirish;

turizm mahallasining ekologiyasini hamda tabiiy boyliklarini asrash va yaxshilash;

fuqaralor yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash;

fuqarolar yig‘ini hududida yangi ish o‘rinlarini yaratish;

doimiy ravishda turizm xizmatlari sifatini belgilangan talablarga muvofiqlashtirish;

turizm xizmatlarini ko‘rsatishda qonun talablariga rioya qilish.

4. Fuqarolar yig‘inlariga turizm mahallasimaqomini berish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

2-bob. Fuqarolar yig‘ini turizm mahallasi maqomini olishi uchun qo‘yiladigan talablar va shartlar

5. Fuqarolar yig‘ini turizm mahallasi maqomini olishi uchun quyidagi talablar va shartlarga javob berishi lozim:

a) fuqarolar yig‘ini hududida xorijiy va mahalliy turistlarni qabul qilish uchun kamida 20 ta oilaviy mehmon uylarining mavjudligi;

b) fuqarolar yig‘ini hududida turistlarga kamida 5 ta sifatli turistik xizmatlarni taqdim etish (turar joy va (yoki) ovqatlanish xizmatlaridan tashqari);

v) fuqarolar yig‘ini hududida mahalliy ishlab chiqarilayotgan esdalik sovg‘alari mahsulotlarini (kamida bitta savdo nuqtasi) sotish shoxobchalarini tashkil etish;

g) fuqarolar yig‘ini hududida turizmning quyidagi turlaridan birini tashkillashtirish:

ekologik (geoturizm);

agroturizm (qishloq);

etnografik;

madaniy va tarixiy;

d) fuqarolar yig‘ini hududida turistik ko‘rgazma obyektlarining mavjudligi;

e) fuqarolar yig‘ini hududida turistlar (ekskursantlar) xavfsizligini ta’minlash;

yo) turistlar uchun yaratilgan qo‘shimcha ko‘ngil ochar shart-sharoitlar (otlar, tuyalar, velosipedlar, kvadratsikllar, qayiqlar, katamaranlar va boshqalar ijarasi);

j) turizm to‘g‘risidagi normativ hujjatlarga majburiy rioya qilish;

z) zarur infratuzilmaning mavjudligi (avtomobil yo‘llari, transport aloqasi, aloqa vositalari, ichimlik suvi, elektr energiyasi, Internet, sovuq mavsumda isitish tizimi);

i) hududda kuzatilishi mumkin bo‘lgan tabiiy hodisalar va xavfli hududlar to‘g‘risida ma’lumotlarning mavjudligi;

k) yil davomida turizm xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi;

l) zarur ko‘rsatkichlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida mavjudligi;

m) birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi;

n) bosma shaklda turistik obyektlarni joylashish joylari xaritasi mavjudligi;

o) tashrif buyurishdan oldin turistlar tomonidan oilaviy mehmon uylari uchun joylarni bron qilish va fuqarolar yig‘ini hududida ko‘rsatiladigan turistik xizmatlarga buyurtma berish imkoniyatining mavjudligi;

p) fuqarolar yig‘ini to‘g‘risidabarcha uchun qulay joyida ma’lumot materiallari (varaqalar, bukletlar, risolalar, xaritalar va boshqalar) mavjudligi.

3-bob. Fuqarolar yig‘initurizm mahallasi maqomini olishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlar

6. Fuqarolar yig‘ini turizm mahallasi maqomini olishi maqsadida ariza beruvchi tomonidan Markazga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda, pochta orqali yoki elektron shaklda ariza topshiriladi.

7. Arizaga ariza beruvchining imzosi yoki elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan quyidagi ma’lumotlar ilova qilinishi kerak:

ariza beruvchi to‘g‘risida ma’lumotlar (F.I.O., aloqa ma’lumotlari);

fuqarolar yig‘inining nomi;

ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq fuqarolar yig‘ini hududida ko‘rsatiladigan turistik xizmatlar to‘g‘risida ma’lumotlar.

8. Ariza beruvchidan ushbu Nizomning 7-bandida ko‘zda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etishni talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

9. Arizani ko‘rib chiqish uchun ariza beruvchidan yig‘im undirilmaydi.

4-bob. Fuqarolar yig‘iniga turizm mahallasi maqomini berish haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish

10. Markaz taqdim etilgan hujjatlarni besh ish kuni ichida to‘liqligi jihatdan ko‘rib chiqadi va ularni vakolatli davlat organiga yuboradi.

11. Vakolatli davlat organi arizani ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va turizm sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari va xodimlaridan iborat tarkibda maxsus komissiya tuzadi.

Markaz maxsus komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.

12. Maxsus komissiya ariza qabul qilingan kundan e’tiboran:

uch ish kuni mobaynida fuqarolar yig‘inining ushbu Nizom talablari va shartlariga muvofiqligini o‘rganish yuzasidan vakolatli vakillar ro‘yxatini tasdiqlaydi. Bunda, Maxsus komissiya ariza beruvchini o‘rganish sanasi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi;

yetti ish kuni ichida vakolatli vakillarning fuqarolar yig‘ini hududiga o‘z vaqtida chiqishlari va o‘rganish o‘tkazishni ta’minlaydi. Vakolatli vakillar ikki ish kunida ortiq bo‘lmagan vaqtda fuqarolar yig‘ini hududida turistlar qabul qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda ushbu Nizom talablariga mos kelishini o‘rganadi;

o‘n besh ish kuni ichida fuqarolar yig‘inlarini ushbu Nizom talablari va shartlariga javob berishi yoki bermasligi haqidagi xulosa tayyorlaydi hamda Maxsus komissiyaga ko‘rib chiqish uchun taqdim qiladi.

13. Maxsus komissiya vakolatli vakillarning xulosasini ko‘rib chiqadi va fuqarolar yig‘inigaturizm mahallasimaqomini berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Maxsus komissiya qaror qabul qilingan kundan e’tiboran ikki ish kuni ichidaqarorni ariza beruvchi va vakolatli davlat organiga yuboradi.

14. Vakolatli davlat organi uch ish kuni ichida Maxsus komissiyaning qaroriga asosan ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq fuqarolar yig‘iniga turizm mahallasi maqomini berish to‘g‘risidagi guvohnoma beradi.

15. Maxsus komissiya turizm mahallasi maqomini berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi va uch ish kuni ichida ariza bervuchiga yuboriladi.

16. Rad etish uchun asos bo‘lgan kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng, takroriy arizani ko‘rib chiqish Maxsus komissiya tomonidan ariza kelib tushgan kundan e’tiboran besh ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishni tasdiqlovchi materiallar bilan o‘tkaziladi.

Materiallarni qayta ko‘rib chiqishda, rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ilgari ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

17. Vakolatli davlat organi fuqarolar yig‘iniga turizm mahallasi maqomini bergandan so‘ng, tegishli ma’lumotni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlariga birinchi navbatda kiritish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

5-bob. Fuqarolar yig‘inining huquqlari. Vakolatli davlat organining turizm mahallasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha vazifalari

18. Turizm mahallasi maqomini olgan fuqarolar yig‘inlari “Obod qishloq”va “Obod mahalla” davlat dasturlariga birinchi navbatda kiritiladi.

Turistlarga bepul xizmat ko‘rsatadigan aholi va xodimlar turistlarga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy uslublariga muvofiq o‘qitiladi.

Fuqarolar yig‘ini hududi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda bepul targ‘ib qilinadi.

Fuqarolar yig‘ining go‘zal obyektlari to‘g‘risidagi materiallar (risolalar, bukletlar, flayerlar va boshqalar) bepul nashr etiladi hamda xorijiy va mahalliy sayyohlik ko‘rgazmalarida namoyish etiladi.

Turizm mahallasi maqomini olgan fuqarolar yig‘ini viloyatning turistik yo‘nalishlariga birinchi navbatda kiritiladi.

Turizm mahallasi maqomini olgan fuqarolar yig‘inining aholisini tayyorlash, ushbu hududni milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida targ‘ib qilish, shuningdek, “Turizm fuqarolar yig‘ini”ning go‘zal obyektlari to‘g‘risidagi materiallarni xorijiy va mahalliy sayyohlik ko‘rgazmalarida e’lon qilish xarajatlarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasi budjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlarning xayriyalari, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek qonun bilan ta’qiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

19. Vakolatli davlat organi turizm mahallasi maqomiga ega bo‘lgan fuqarolar yig‘inlari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

20. Vakolatli davlat organi:

turizm sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi;

mahalliy davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda turizm sohasini, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari bilan birgalikda turistik xizmatlar ko‘rsatishni yaxshilash va turizm mahallasi hududida infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

eng yaxshi “Yilning turizm fuqarolar yig‘ini” tanlovini tashkil etadi;

turizm mahallalari hisobini yuritadi;

turizm mahallalarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqadi;

turizm mahallasi ishtirokchilariga davlat tomonidan va boshqa yordamlar olishda ko‘maklashadi.

Vakolatli davlat organigaqonun hujjatlariga muvofiq turizm mahallasifaoliyatini takomillashtirish bo‘yicha boshqa vazifalar ham yuklanishi mumkin.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

21. Turizm mahallasi faoliyatini nazorat qilish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

22. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Fuqarolar yig‘inlariga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” va “Turizm ovuli” maqomini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

Fuqarolar yig‘inlariga turistik maqomni berish

SXEMASI

Subyektlar

 

Tadbirlar

 

Bajarish muddati

         

Ariza
beruvchi

 

Ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shaklda, pochta orqali yoki elektron shaklda ariza yuboradi.

 

Ariza beruvchining xohishiga ko‘ra

   
         

Markaz

 

Markaz taqdim etilgan hujjatlarni to‘liqligi jihatdan ko‘rib chiqadi va vakolatli davlat organiga yuboradi.

 

5 ish kuni
ichida

   
         

Maxsus
komissiya

 

fuqarolar yig‘ini hududiga tashrif buyuradigan vakolatli vakillarni fuqarolar yig‘inining ushbu Nizom talablari va shartlariga muvofiqligini o‘rganish uchun ro‘yxatni tasdiqlaydi.

 

vakolatli vakillarning fuqarolar yig‘ini hududiga o‘z vaqtida chiqishlarini ta’minlaydi.

 

vakolatli vakillarning fuqarolar yig‘inlarini ushbu Nizom talablari va shartlariga javob berishi yoki bermasligi haqidagi qaror qabul qiladi.

 

3 ish kuni
ichida


7 ish kuni
ichida

15 ish kuni ichida

   
         

Maxsus
komissiya

 

Fuqarolar yig‘iniga turistik maqom berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va arizachiga yuboradi

 

3 ish kuni
ichida

   
         

Vakolatli davlat organi

 

Maxsus komissiyaning qaroriga asosan ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq fuqarolar yig‘iniga turizm mahallasi maqomini berish to‘g‘risidagi guvohnoma beradi.

 

3 ish kuni
ichida

   
         

Maxsus
komissiya

 

Turizm mahallasi maqomini berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar rad etish to‘g‘risidagi bildirishnomaga ilova qiladi va ariza beruvchiga yuboradi.

 

3 ish kuni
ichida

   
         

Ariza
beruvchi

 

Rad etish uchun asos bo‘lgan kamchiliklar bartaraf etgandan so‘ng, takroriy ariza topshiradi.

 

Ariza beruvchining xohishiga ko‘ra

   
         

Maxsus
komissiya

 

Takroriy arizani aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishni tasdiqlovchi materiallar bilan birga ko‘rib chiqadi

 

5 ish kuni
ichida

   

Fuqarolar yig‘inlariga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” va “Turizm ovuli” maqomini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA

Turizm fuqarolar yig‘ini maqomni olish bo‘yicha

ARIZA

1.

Joylashuvi

(xarita bo‘yicha kenglik va uzunlik)

 

2.

Maydoni (gektar)

 

3.

Aholi

 

4.

Fuqarolar yig‘inining nomi;

 

5.

Turistik hududni yaratish maqsadlari

Aholining bilim darajasi va yashash sharoitlarini yaxshilash;

Yangi ish o‘rinlarini yaratish;

Infratuzilmani rivojlantirish;

Aholi daromadlarining o‘sishi;

Turizm infratuzilmasini diversifikatsiya qilish va rivojlantirish;

Hududni ommalashtirish.

6.

Yaratilgan mehmon uylari soni

 

7.

Mehmon uylarining 07.08.2018 dagi 631-sonli VMQ da ko‘rsatilgan talablarga muvofiqligi

Moskeladi/ mos kelmaydi

8.

Fuqarolar yig‘ini hududning taklif etilayotgan chegaralarida ko‘rsatilgan turizm xizmatlarining ro‘yxati

Gid xizmatlari, otlarni ijaraga berish, folklor, hunarmandchilik, baliq ovlash, uy muzeyi, mahorat darslar va boshqalar.

9.

Hududda joylashgan diqqatga sazovor joylarning nomi

 

10.

Fuqarolar yig‘ini hududni rivojlantirish va shakllantirishning istiqbolli rejasi

Qo‘shimcha mehmon uylarini yaratish;

Qo‘shimcha turizm xizmatlarini yaratish;

Xizmat ko‘rsatish xodimlarini o‘qitish;

Hududni boshqa turizm yo‘nalishlariga kiritish;

Hududni tartibga solish.

Fuqarolar yig‘inlariga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” va “Turizm ovuli” maqomini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA

http://lex.uz/files/4938760

Aloqalarimiz
Manzili:
150100 г. Farg'ona sh, Alisher Navoiy k-si, 17 A-uy. Tel., +998732441440, +998732444914