Vazirlar Mahkamasining 2020-yil
10-iyuldagi 433-son qaroriga
6-ILOVA
Xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga charter reyslarining tashkil qilish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun mablag‘lar ajratish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga charter reyslarining tashkil qilish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun mablag‘lar ajratish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:
yo‘lovchi manifesti — charter reyslar orqali tashilgan yo‘lovchilarning to‘liq ro‘yxati bo‘lgan va chegara qo‘shinlariga taqdim qilinadigan ma’lumot;
kompensatsiya — tadbirkorlik subyektlarining xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda ajratiladigan mablag‘lar;
qo‘shma charter reyslar — bir va undan ortiq tadbirkorlik subyektlarining yo‘lovchilari ishtirok etuvchi charter reyslar;
mustaqil charter reyslar — faqat bitta tadbirkorlik subyektining yo‘lovchilari ishtirok etuvchi charter reyslar;
tadbirkorlik subyekti — havo orqali yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tashkilot, shuningdek, belgilangan tartibda turoperator sifatida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs;
charter reyslar — parvozlar jadvali bo‘yicha reyslardan alohida va tashqarida amalga oshiriladigan reyslar.
3. Kompensatsiya ushbu Nizomda belgilangan tartibda mustaqil ravishda yoki birgalikda O‘zbekiston Respublikasiga turistlarni jalb etuvchi tadbirkorlik subyektlariga quyidagi hollarda beriladi:
a) chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (keyingi o‘rinlarda — yo‘lovchilar) uchun ikki tomonlama (O‘zbekistonga va undan) charter reysini tashkil etganda;
b) bitta charter reysi bilan kelgan xorijiy yo‘lovchilarning O‘zbekistondagi joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolganda;
v) xorijiy yo‘lovchilarning qolish davomiyligini aniqlash uchun O‘zbekiston xalqaro aeroportlariga ular to‘g‘risida to‘liq ma’lumot (F.I.Sh., fuqaroligi) taqdim etganda.
Tadbirkorlik subyektlari xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun mablag‘lar ajratish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
4. Tadbirkorlik subyektlarining charter reyslari amalga oshiriladigan respublikaning xalqaro aeroportlari har chorakda (keyingi oyning 10-sanasiga qadar) Qo‘mitaga charter reysining sanasi va uchib kelib qo‘ngan vaqti ko‘rsatilgan ma’lumotlarni va yo‘lovchi manifestini ularga kompensatsiyani ta’minlash maqsadida taqdim etadi.
2-bob. Arizani ko‘rib chiqish va kompensatsiya ajratish tartibi
5. Ushbu Nizomning 3-bandida ko‘rsatilgan shartlarga rioya etgan holda charter reyslariga turistlarni jalb qilgan va olib kelgan tadbirkorlik subyektlariga har bir yo‘lovchi uchun:
har yili 20-fevral soat 00:00 dan — 19-noyabr soat 23:59 ga qadar 20 AQSh dollari;
har yili 20-noyabr soat 00:00 dan — 19-fevral soat 23:59 ga qadar 50 AQSh dollari miqdorida kompensatsiya ajratiladi.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshisida belgilangan vaqt tadbirkorlik subyektlari va respublikaning xalqaro aeroportlari tomonidan Qo‘mitaga taqdim etiladigan ma’lumotlarda ko‘rsatilgan uchib kelib qo‘nish sanasi va vaqti asosida hisoblanadi.
6. Bir nechta tadbirkorlik subyektlarining yo‘lovchilarini tashishda kompensatsiya bitta tadbirkorlik subyekti tomonidan olib kelingan yo‘lovchilar sonining samolyotdagi umumiy yo‘lovchilar soniga nisbati asosida hisoblanadi.
7. Bitta tadbirkorlik subyekti tomonidan berilgan charter reyslarga buyurtmalar (bitta tadbirkorlik subyektining yo‘lovchilarini bitta charter reys orqali tashish) ustuvor ravishda ko‘rib chiqiladi.
8. Kompensatsiya olish uchun tadbirkorlik subyekti Qo‘mitaga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
a) yo‘lovchi manifestining nusxasi;
b) ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha axborot varaqasi.
9. Qo‘shma charter reyslariga oid tadbirkorlik subyektlarining hujjatlar to‘plamlari Qo‘mitaga alohida topshirilishi kerak.
10. Kompensatsiya har chorak yakunlariga ko‘ra, mazkur yakunlangan chorakda (chorakdan keyingi oyning 20-sanasiga qadar) ariza bergan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
11. Qo‘mita chorak davomida kelib tushgan arizalarni chorakdan keyingi oyining 10-sanasiga qadar ushbu Nizom talablariga muvofiqligini o‘rganish asosida kompensatsiya ajratish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda qabul qilingan qaror nusxasini qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida ariza beruvchiga yuboradi.
Kompensatsiya ajratish to‘g‘risidagi qarorda kompensatsiya miqdori, tadbirkorlik subyekti nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), kompensatsiya oluvchi yuridik shaxsning nomi, STIR, tijorat bankidagi hisobvarag‘ining rekvizitlari ko‘rsatiladi.
Qarorning nusxasi qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuboriladi.
12. Taqdim etilgan hujjatlarni qo‘shimcha o‘rganish zarurati tug‘ilsa, Qo‘mita arizachini yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi va arizani ko‘rib chiqishni qo‘shimcha o‘n kunga uzaytirish huquqiga ega.
13. Kompensatsiya ajratish rad etilganda, kompensatsiya ajratishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablar aniq ko‘rsatilgan holda qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida arizachiga yuboriladi.
Arizachi qarorni olgandan so‘ng keyingi chorakda ushbu kamchiliklarni bartaraf etadi hamda Qo‘mitaga ularni bartaraf etish uchun tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
14. Kompensatsiya quyidagi asoslar bo‘yicha rad etilishi mumkin:
ushbu Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar va ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmaganda;
tadbirkorlik subyekti ushbu Nizomning 3-bandida nazarda tutilgan talablarga javob bermasa.
Ushbu bandda ko‘rsatilmagan boshqa asoslarga qo‘ra kompensatsiya ajratishni rad etish ta’qiqlanadi.
15. Kompensatsiya ajratish to‘g‘risida qayta berilgan ariza Qo‘mita tomonidan keyingi chorak yakunlariga ko‘ra ko‘rib chiqiladi.
Bunda ilgari aniqlanmagan asoslarga ko‘ra kompensatsiya ajratishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
16. Tadbirkorlik subyektlariga kompensatsiyalarni to‘lash uchun Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga xo‘jalik yurituvchi subyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ajratilgan mablag‘larning hisob-kitoblari to‘g‘risida ariza yuboradi.
17. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi uch ish kuni ichida Qo‘mita arizasini ko‘rib chiqadi va tegishli mablag‘ni Qo‘mitaning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkazadi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlariga kompensatsiya ajratish uchun Qo‘mitaga G‘aznachilikda alohida shaxsiy hisobvaraq (keyingi o‘rinlarda — shaxsiy hisobvaraq) ochadi.
Ushbu davr mobaynida Qo‘mita qabul qilingan qaror asosida Qo‘mita huzuridagi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya miqdorining yarmini shaxsiy hisobvaraqqa o‘tkazadi.
18. Pul mablag‘lari shaxsiy hisobvaraqqa tushganidan so‘ng, Qo‘mita besh ish kuni ichida ularni xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari orqali tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkazadi.
19. Kompensatsiya to‘lovlari milliy valyutada, kompensatsiya to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
3. Yakunlovchi qoidalar
20. Qo‘mita kompensatsiya ajratishni tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Qo‘mita huzuridagi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ajratilgan mablag‘larning tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishi yuzasidan javobgar hisoblanadi.
21. Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda kompensatsiya to‘lovlari ustidan tizimli nazoratni ta’minlash, tadbirkorlik subyektlariga kompensatsiya to‘lovining mezonlarini belgilash, shuningdek, kompensatsiya ajratishda yuzaga keladigan nizolar va favqulodda holatlar (fors-major) sabablarini ko‘rib chiqish hamda hal qilish vakolatiga ega.
22. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablag‘lar ajratilishi va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
23. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga charter reyslarining tashkil qilish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun mablag‘lar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga charter reyslarining tashkil qilish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun mablag‘lar ajratish
SXEMASI
Subyektlar |
Tadbirlar |
Bajarish muddati |
||
Tadbirkorlik subyekti |
Nizomning 8-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga belgilangan tartibda kompensatsiya ajratilishi uchun ariza topshiradi. |
Tadbirkorlik subyektining xohishiga ko‘ra |
||
Qo‘mita |
Qo‘mita o‘tgan chorakda olingan hujjatlarning ushbu Nizom talablariga muvofiqligini o‘rganish asosida arizalar kelib tushganidan keyin kompensatsiya to‘lash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror nusxasini ariza beruvchiga yuboradi. |
10 kun ichida 1 kun |
||
Qo‘mita |
Taqdim etilgan hujjatlarni qo‘shimcha o‘rganish zarurati tug‘ilsa, arizachini yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi va arizani ko‘rib chiqishni qo‘shimcha uzaytiradi. |
qo‘shimcha |
||
Qo‘mita |
Kompensatsiya rad etilgan taqdirda, kompensatsiyani rad etish uchun asos bo‘lgan sabablarni aniq ko‘rsatgan holda qaror qabul qilinadiva arizachiga yuboriladi* |
Bir kun muddatda |
||
Tadbikorlik subyekti |
Ariza beruvchi rad etish to‘g‘risidagi qarorni olgandan qarorda ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etadi va Qo‘mitaga ularni bartaraf etish uchun tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilib ariza bilan murojaat qiladi* |
Tadbirkorlik subyektining xohishiga ko‘ra |
||
Qo‘mita |
Kompensatsiya olish to‘g‘risida qayta berilgan arizani ko‘rib chiqadi* |
keyingi chorak yakunlariga ko‘ra |
||
Qo‘mita |
Tadbirkorlik subyektlariga kompensatsiyalarni to‘lash uchun Moliya vazirligiga xo‘jalik yurituvchi subyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ajratilgan mablag‘larning hisob-kitoblari to‘g‘risida ariza yuboradi |
3 ish kuni |
||
Moliya |
Qo‘mitaning arizasini ko‘rib chiqadi va tegishli mablag‘ni Qo‘mitaning shaxsiy G‘azna hisob varag‘iga o‘tkazadi. Belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlariga kompensatsiya ajratish uchun Qo‘mitaga G‘aznachilikda alohida shaxsiy hisobvaraq ochadi |
3 ish kuni |
||
Qo‘mita |
Pul mablag‘lari shaxsiy hisobvaraqqa tushganidan so‘ng, ularni xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari orqali tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy hisobiga o‘tkazadi |
5 ish kuni |
||
Xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga charter reyslarining tashkil qilish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun mablag‘lar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga charter reyslarining tashkil qilish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun mablag‘lar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA