Home \ Biz haqimizda \ Turizm faoliyatini yo'lga qo'yish va yuritish NIZOMLARI \ Gid-tarjimonlarga malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida NIZOM

Gid-tarjimonlarga malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida NIZOM

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil

10-iyuldagi 433-son qaroriga

9-ILOVA

Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti (keyingi o‘rinlarda — Ishchi organ) — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) malaka imtihonini o‘tkazish, malaka sertifikati va beyjik olish bo‘yicha talabgorlarning hujjatlarini ko‘rib chiqish tartibini amalga oshirish, shuningdek malaka sertifikati va beyjik bo‘yicha vakolatli vakili;

gid (gid-tarjimon) — axborotga oid va tashkiliy xizmatlar ko‘rsatish, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha bo‘lish mamlakatidagi (joyidagi) turistik resurslar bilan tanishtirish uchun kasbiy tayyorgarlikdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi rezidenti;

Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarning Yagona reyestri (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) — Ishchi organ tomonidan yuritiladigan, gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar to‘g‘risidagi umumiy tizimlashtirilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot resursi;

identifikatsiya kartasi (keyingi o‘rinlarda — beyjik) — gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisining ko‘rsatilgan hudud va turistik (ekskursiya) obyektlarida ekskursiya o‘tkazish huquqini tasdiqlovchi, shuningdek, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchining turistlarni (ekskursantlarni) turistik (ekskursiya) marshrutlardan o‘tayotgan vaqtda havfsizligini ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish huquqini tasdiqlovchi hujjat;

yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi — turistik yo‘nalishlarda turistlar va ekskursantlarga hamrohlik qilish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash uchun kasbiy tayyorgarlikdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi rezidenti;

malaka imtihoni — nazariy va amaliy tayyorgarlik, tajriba va malaka (kasbiy bilim va ko‘nikmalar)ning yetarliligini aniqlovchi va ularning gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligini baholashga yo‘naltirilgan malakani baholash tartibi;

malaka sertifikati — gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchining malakasini tasdiqlovchi, malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgandan so‘ng beriladigan belgilangan namunadagi hujjat;

malaka toifasi — gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchining malaka imtihona natijasiga ko‘ra aniqlanadigan malaka darajasi;

talabgor — malaka sertifikati va beyjikni olishga talabgor bo‘lgan jismoniy shaxs;

ekskursiya yetakchisi — turistlar va ekskursantlarni muayyan turistik resurslar bilan tanishtirish uchun kasbiy tayyorgarlikdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi rezidenti;

ekskursiya xizmatlari — yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan va turistlarni joylashtirish (kechasi tunash) xizmatlari ko‘rsatishni ko‘zda tutmaydigan, turistlarning (ekskursantlarning) ma’naviy, intellektual, ishbilarmonlik va boshqa ehtiyojlarini qondira oladigan obyektlar bilan tanishtirish maqsadida, oldindan tuzilgan marshrutlar bo‘yicha ekskursiya yetakchisi hamrohligida ekskursiyalarni tashkil etish xizmati.

3. Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikati va beyjik berish ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

4. Malaka sertifikati va beyjik gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekskursiya xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beradi:

a) yuridik shaxs shtatida bo‘lsa;

b) fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida yuridik shaxs bilan ishlayotgan bo‘lsa;

v) yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘z-o‘zini band qilgan shaxs bo‘lsa.

5. Oliy, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’limi muassasalari yoki qayta tayyorlash kurslarini gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi mutaxassisligi bo‘yicha bitirganlar (keyingi o‘rinlarda — bitiruvchilar) ta’lim muassasasini tamomlagandan keyin dastlabki uy yilda malaka imtihonini topshirishdan ozod etiladi. Ishchi organ bitiruvchilarga shaxsiy ro‘yxatga olish raqami taqdim etish bilan ular haqidagi ma’lumotlarni Reyestrga kiritadi va beyjik beradi.

6. Turizm sohasidagi kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha ta’lim muassasalari Reyestr ma’lumotlariga muvofiq Ishchi organ tomonidan belgilangan shakl asosida kurslar bitiruvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ishchi organga taqdim etadi.

7. Malaka sertifikati va beyjikning amal qilish muddati — uch yil.

2-bob. Talabgorga qo‘yiladigan talablar. Malaka imtihonini topshirish uchun taqdim etiladigan hujjatlar

8. Malaka imtihonini topshirish uchun talabgor quyidagi talablarga javob berishi kerak:

a) O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lishi;

b) “gid (gid-tarjimon)” mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotga yoki “mahalliy gid” va “yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi” mutaxassisliklari bo‘yicha o‘rta va o‘rta maxsus professional ma’lumotga yoki “ekskursiya faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganligini tasdiqlovchi belgilangan namunadagi hujjatga ega bo‘lishi;

v) belgilangan tartibda malaka oshirish kurslarini o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi.

9. Talabgor malaka imtihonini topshirish uchun Ishchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda malaka imtihonini topshirishga ruxsat olish to‘g‘risidagi ariza;

b) oliy yoki o‘rta va o‘rta maxsus professional ma’lumot haqidagi diplom, oliy yoki o‘rta va o‘rta maxsus professional ma’lumotning tan olinganligi haqidagi sertifikat, yoki qayta tayyorlash kursidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

v) ikki dona oq fonda fotosurat (3x4 hajmda), shuningdek elektron variantda;

g) malaka imtihonini topshirish va malaka sertifikatini olish (rasmiylashtirish) uchun bazaviy hisoblash miqdorining (keyingi o‘rinlarda — BHM) bir barobari miqdoridagi yig‘im (keyingi o‘rinlarda — malaka sertifikatini olish uchun yig‘im) amalga oshirilganligini tasdiqlovchi bank to‘lov hujjati;

e) 086 shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma (yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar uchun);

Talabgordan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

10. Mazkur Nizomning 9-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan Ishchi organga bevosita, pochta aloqasi yoki elektron pochta orqali ularni olinganligini tasdiqlovchi xabarnoma bilan birga topshiriladi. Topshirilgan hujjatlar qaytarilmaydi.

3-bob. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki rad etish haqida qaror qabul qilish tartibi

11. Ishchi organ ariza tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida talabgorning malaka imtihonini topshirishiga ruxsat berish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi.

12. Ishchi organ quyidagi asoslarga ko‘ra talabgorning malaka imtihoni topshirishini rad etadi:

a) talabgor mazkur Nizomning 8-bandi talablariga javob bermaganda;

b) hujjatlarda noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilganligi aniqlanganda.

13. Boshqa asoslarga ko‘ra talabgorning malaka imtihonini topshirishini rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

14. Talabgorning malaka imtihonini topshirishi rad etilgan taqdirda Ishchi organ tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi va talabgorga rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda, qabul qilingan qaror haqida bir ish kuni ichida rasmiy ravishda xabarnoma yuboriladi.

15. Malaka imtihonini topshirish rad etilganligi to‘g‘risidagi xabarnomada aniq qonunchilik normalariga muvofiq rad etilganlik sabablari va talabgor ushbu sabablarni bartaraf etgan holda hujjatlarni qayta ko‘rib chiqilishi uchun topshirishi mumkin bo‘lgan muddat (uch oydan ko‘p bo‘lmagan) ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

16. Malaka imtihonini topshirishi rad etilgan talabgor rad etilishiga sabab bo‘lgan e’tirozlarni bartaraf qilgan holda qayta murojaat qilish huquqiga ega.

17. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlarga uni o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi haqida malaka imtihoni o‘tkaziladigan kundan kamida uch kun oldin pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali xabar beriladi.

Talabgorning malaka imtihonini topshirishiga ruxsat berish haqida qaror qabul qilinganda u malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlar ro‘yxatiga kiritiladi. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlar ro‘yxati imtihon komissiyasiga taqdim etiladi.

4-bob. Malaka imtihonini topshirish tartibi

18. Malaka imtihoni 15 nafar talabgordan kam bo‘lmagan guruhlar shakllantirilgan holda, lekin ikki oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.

19. Malaka imtihonini o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumot uni o‘tkazish haqidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kundan kechiktirmay Ishchi organ va Qo‘mitaning rasmiy axborot resurslarida joylashtiriladi.

20. Malaka imtihoni Qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadigan 9 kishidan iborat imtihon komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Imtihon komissiyasi tarkibiga Qo‘mita, Ishchi organning mas’ul shaxslari hamda tarix, arxitektura, dinshunoslik, tilshunoslik sohasidagi oliy ta’lim va ilmiy muassasalar, turizm sohasi subyektlari vakillari, shuningdek oliy toifaga ega gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar kiritiladi.

Imtihon komissiyasi bir yillik muddatga tuziladi. Zaruratga qarab Qo‘mita raisining qarori bilan imtihon komissiyasi tarkibiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Imtihon komissiyasi uning a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.

Imtihon komissiyasining raisi Qo‘mitaning vakolatli vakili, komissiya kotibi Ishchi organ vakili hisoblanadi.

21. Talabgorlar malaka imtihonini topshirishda pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatning asl nusxasini taqdim etadi.

22. Hujjatlari imtihondan o‘tishga taqdim etilgan, lekin pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat taqdim etmagan yoki imtihonga kechikkan, yoki uzrli sabablarga ko‘ra imtihonga kela olmagan talabgorlar navbatdagi malaka imtihoniga kiritiladigan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi hamda bu haqda bevosita, pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali uch ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda xabardor qilinadi.

23. Talabgor tartibga muvofiq ikki marta ogohlantirilgan va malaka imtihoniga kelmagan taqdirda, taqdim etilgan hujjatlar talabgorga qaytariladi. Ushbu holatda malaka imtihonini topshirish uchun to‘langan yig‘im kaytarilmaydi.

24. Hujjatlarni kayta rasmiylashtirish ushbu Nizomning 9-bandida ko‘rsatilgan tartibda amalga oshiriladi.

25. Malaka imtihoni ikki bosqichda o‘tkaziladi:

1-bosqich — kompyuter texnikasidan foydalangan holda o‘tkaziladigan test sinovlari;

2-bosqich namoyish imtihoni (faqat malaka imtihonida ilk marotaba ishtirok etayotgan talabgorlar uchun).

26. Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida malaka imtihonini o‘tkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi.

27. Malaka imtihonining har ikkala bosqichini o‘tkazish kuni Ishchi organ tomonidan tashkiliy masalalardan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Malaka imtihonining har ikkala bosqichi bir kunda o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

28. Malaka imtihoni bosqichlarining biridan o‘ta olmagan talabgorga ushbu bosqichni qayta topshirish imkoniyati beriladi. Bunda, Ishchi organ talabgorni pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali takroriy malaka imtihonining o‘tkazilish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risida uning o‘tkazilishidan kamida uch ish kuni oldin xabardor qiladi.

29. Malaka imtihoni gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar uchun alohida guruhlarda o‘tkaziladi.

30. Test va namoyish imtihoni uchun savollar va to‘g‘ri javoblar to‘plami Ishchi organ tomonidan malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarining o‘quv reja va dasturlari asosida ishlab chiqiladi.

31. Test savollari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda doimiy ravishda yangilab boriladi.

32. Test sinovlari o‘quv reja dasturlarining barcha bo‘limlarini o‘z ichiga olgan holda, 75 ta savoldan iborat bo‘ladi. Test savollari talabgorning arizasida ko‘rsatilgan (o‘zbek yoki rus) tilda taqdim etiladi.

Talabgorning to‘g‘ri javoblar bo‘yicha yakuniy natijasi 70 foiz va undan yuqori ko‘rsatkichni tashkil qilgan bo‘lsa, u malaka imtihonini muvaffaqqiyatli topshirgan hisoblanadi.

33. Test natijalari ijobiy deb topilgan talabgorlarga ikkinchi boskichdan o‘tishiga ruxsat etiladi va imtihon o‘tkazilishidan kamida uch ish kuni oldin imtihonning o‘tkazilish joyi, sanasi va vaqti haqida xabardor qilinadi.

34. Namoyish imtihoni kasbiy standartlar va o‘quv dasturlari asosida tuzilgan amaliy topshiriqlar bo‘yicha o‘tkaziladi. Namoyish imtihoni davomida imtihon komissiyasi a’zolari amaliy topshiriqlar bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha savollar berish huquqiga ega.

Namoyish imtihona imtihon komissiyasining ko‘pchilik ovozi bilan baholanadi.

Imtihondan o‘ta olmagan talabgor imtihon komissiyasining tavsiyasi bilan ikkinch bosqichni qayta topshirish huquqiga ega. Bunda Ishchi organ talabgorni pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali takroriy namoyish imtihonining o‘tkazilish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risida uning o‘tkazilishidan kamida uch ish kuni oldin xabardor qiladi.

35. Malaka imtihonining ikkinchi bosqichi talabgorning arizasida ko‘rsatilgan tilda o‘tkaziladi.

36. Talabgorga malaka imtihonining birinchi boskichini topshirish uchun 120 daqiqa, ikkinchi bosqich uchun 60 daqiqa vaqt beriladi.

Malaka imtihonini topshirish jarayonida belgilangan vaqtda barcha savollarga javob bera olmagan talabgor malaka imtihonini topshirmagan hisoblanadi.

37. Malaka imtihonining birinchi bosqichi Qo‘mitaning hududiy bo‘linmalari va ta’lim muassasalari binosida, markazlashtirilgan tarzda Qo‘mita va/yoki Ishchi organning axborot resurslari orqali onlayn rejimda Qo‘mitaning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining nazorati ostida o‘tkazilishi mumkin.

Ikkinchi bosqich Ishchi organ bilan videomuloqot tarzida namoyish obyektlarida Qo‘mitaning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining nazorati ostida o‘tkazilishi mumkin.

38. Malaka imtihoni o‘tkazilayotgan paytda talabgorning ma’lumotnoma va maxsus materiallardan (qog‘oz va elektron), uyali telefon va boshqa texnikalardan foydalanishi, boshqa talabgorlar bilan muloqot qilishi va auditoriyani tark etishi taqiqlanadi. Ushbu talablarni buzgan talabgorlar auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan o‘tmagan deb hisoblanadi.

39. Talabgorga o‘zi bilan birga ichimlik suvi, dori va malaka imtihonini topshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa vositalarni (ko‘zoynak, linzalar) olib kirishiga ruxsat beriladi.

40. Begona shaxslarning malaka imtihoni o‘tkazilayotgan xonaga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

41. Malaka imtihonidan o‘ta olmagan talabgor malaka imtihonini qayta topshirish uchun ariza berish huquqiga ega. Malaka imtihonini kayta topshirish ushbu Nizomning 26 — 40 bandlariga muvofiq amalga oshiriladi.

42. Malaka imtihonini topshira olmagan talabgorlarga yig‘im qaytarilmaydi.

43. Malaka imtihoni natijalari Ishchi organ va Qo‘mitaning axborot resurslarida malaka imtihoni o‘tkazilganidan so‘ng ikki ish kunidan kechiktirmay e’lon qilinadi.

44. Imtihon komissiyasining qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi, malaka imtihoni o‘tkaziladigan kuni imtihon komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va a’zolari tomonidan imzolanadi. Komissiyaning materiallari, shuningdek talabgorlarning hujjatlari belgilangan tartibda Ishchi organda saqlanadi.

45. Bitiruvchilar beyjik olish uchun, shaxsiy ma’lumotlari ko‘rsatilgan, erkin tarzda yozilgan talabnomani Ishchi organga yuboradi va ushbu Nizomning 9-bandi “a”, “b” kichik bandlarida ko‘rsatilgan hujjatlar yig‘majildini topshiradi.

46. Talabgorlarning malaka toifasini olishi uchun malaka imtihoni ushbu bobda ko‘rsatilgan tartib asosida o‘tkaziladi.

47. Talabgorlar malaka toifasini olishi uchun ta’lim muassasalarida malaka oshirish kurslaridan o‘tganligi haqidagi hujjatga, Ishchi organ tomonidan beriladigan malaka sertifikati va beyjikka, shuningdek quyidagi muddatlar bo‘yicha zaruriy ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim:

II toifa uchun — 3 yildan 6 yilgacha;

I toifa uchun — 6 yildan 9 yilgacha;

Oliy toifa uchun — 9 yildan yuqori.

5-bob. Apellatsiyani ko‘rib chiqish tartibi

48. Malaka imtihoni natijalariga ko‘ra, imtihondan o‘ta olmagan yoki huquqlari buzilgan talabgorlar malaka imtihoni natijalari e’lon qilingan kundan boshlab besh ish kunida Qo‘mitaning apellatsiya komissiyasiga apellatsiya berish (yozma ravishda) huquqiga ega.

49. Apellatsiya komissiyasi Qo‘mita raisining buyrug‘i bilan Qo‘mita va professional hamjamiyatlar vakillaridan iborat bo‘lgan, imtihon komissiyasiga kirmaydigan, besh kishidan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladi.

Apellatsiya komissiyasi bir hafta ichida taqdim etilgan apellatsiyani ko‘rib chiqadi va talabgorga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beradi.

50. Apellatsiyani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Apellatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

imtihon komissiyasi qarorini o‘zgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish;

imtihon komissiyasi qarorini bekor qilish va takroriy malaka imtihonini belgilash;

apellatsiyani qanoatlantirish va malaka sertifikati va beyjik berish, shuningdek talabgor haqidagi ma’lumotlarni Reyestrga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilish.

51. Malaka imtihoni natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risidagi qaror apellatsiyada ko‘rsatilgan dalillar tasdiqlanmaganida qabul qilinadi.

52. Agar malaka imtihonini qayta topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, Apellatsiya komissiyasi malaka imtihonini topshirmagan deb topilgan talabgor uchun takroriy imtihon topshirish kunini belgilaydi. Apellatsiya komissiyasining qarori bilan belgilangan qayta malaka imtihoni uchun malaka sertifikatini olish bo‘yicha yig‘im undirilmaydi.

53. Apellatsiyani qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Apellatsiya komissiyasi malaka sertifikati va beyjik berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, bu esa Ishchi organ tomonidan talabgor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Reyestrga kiritish uchun asos bo‘ladi.

54. Apellatsiya komissiyasi qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat kilish mumkin.

6-bob. Malaka sertifikati va beyjikni berish, qayta rasmiylashtirish va dublikat berish tartibi

55. Ishchi organ Reyestrga quyidagi ma’lumotlarni kiritadi:

malaka imtihonidan o‘tgan va individual ro‘yxatga olish raqamiga ega bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida va ularga ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda berilgan malaka sertifikati, 4-ilovasiga muvofiq berilgan beyjikning elektron variantini joylashtiradi (beradi);

individual ro‘yxatga olish raqamiga ega bo‘lgan bitiruvchilar to‘g‘risida va ularga berilgan beyjikning elektron variantini joylashtiradi (beradi).

56. Reyestrdan ko‘chirma, malaka sertifikati va beyjik O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida bir xil yuridik kuchga ega.

Zarurat bo‘lganda, malaka sertifikati va beyjikning egasi Ishchi organga murojaat qilish orqali ushbu hujjatlarning tegishli blankada tayyorlanadigan variantini rasmiylashtirishi yoki Reyestrning imkoniyatlaridan kelib chiqib mustaqil ravishda yuklab olishi va chop etishi mumkin.

Bitiruvchilarga beyjikni rasmiylashtirish va berish uchun Ishchi organ tomonidan BHM ning 25 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

57. Malaka sertifikati va beyjik muddatining amal qilish muddati tugagach, uni berish (rasmiylashtirish), qayta rasmiylashtirish va dublikatini berish tartibi mazkur Nizomda belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.

58. Oliy toifa uchun malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga malaka sertifikati va beyjik amal qilish muddatisiz beriladi.

59. Malaka sertifikati va beyjikning tegishli blankada tayyorlanadigan varianti talabgor va bitiruvchilarning so‘roviga muvofiq Ishchi organ tomonidan besh ish kuni davomida rasmiylashtiriladi.

60. Malaka sertifikati va beyjik egasining familiyasi, ismi, sharifi o‘zgargan taqdirda, u tegishli o‘zgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlar berilgan vaqtdan boshlab bir oy ichida Ishchi organga malaka sertifikati va beyjikni qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi. Bunda arizaga qayta rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan malaka sertifikati va beyjikning asl nusxasi, ikki dona oq fonda fotosurat, elektron varianti bilan (3x4 hajmda) va tegishli o‘zgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi.

61. Malaka sertifikati va beyjik egasining so‘roviga muvofiq, malaka sertifikati va beyjikning qayta rasmiylashtirilishi ilgari olingan malaka sertifikati va beyjikni qayta rasmiylashtirish zaruriyati ko‘rsatilgan ma’lumot taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kunida amalga oshiriladi,

Bunda avvalgi raqam va ilgari belgilangan amal qilish muddati ko‘rsatilgan malaka sertifikati va beyjikning yangi blankasi beriladi, ilgari berilgan malaka sertifikati va beyjik Ishchi organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

62. Malaka sertifikati va beyjikni qayta rasmiylashtirish uchun Ishchi organ tomonidan BHM ning 25 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

63. Yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati va beyjikning o‘rniga malaka sertifikati va beyjik egasining arizasiga muvofiq unga Ishchi organ tomonidan ushbu hujjatlarning dublikati beriladi.

64. Malaka sertifikati va beyjikning dublikati ularning avvalgi qayd etilgan raqami va ilgari belgilangan amal qilish muddati bilan beriladi va yangi blankaning yuqori burchagida “Dublikat” yozuvi ko‘rsatiladi.

65. Yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati va beyjik Ishchi organga qaytariladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

Oldingi tahrirga qarang.

66. Malaka sertifikati va beyjikning dublikatini berishda bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

(66-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-oktabrdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/661/0999-son)

7-bob. Reyestrni yuritish tartibi

67. Reyestr Ishchi organ tomonidan yuritiladi.

Reyestrni yuritish quyidagilarni nazarda tutadi:

ma’lumotlar bazasiga gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularga berilgan individual ro‘yxatga olish raqami bilan kiritish;

ma’lumotolar bazasini onlayn rejimda yangilash.

68. Reyestr quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi:

familiyasi, ismi, otasining ismi;

pasport ma’lumotlari va yashash manzili;

gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi biladigan xorijiy tillar;

ekskursiya xizmatlari amalga oshirilayotgan hududlar (viloyatlar, shaharlar);

malaka sertifikati va beyjikning raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati;

malaka oshirish kurslarini tugatganligini tasdiqlovchi hujjatlar;

gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchining toifasi;

oliy, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim, shuningdek qayta tayyorlashdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumot;

malaka sertifikati va beyjik amal qilishining tugaganligi, bekor qilinganligi, qayta rasmiylashtirilganligi va dublikat berilganligi to‘g‘risida ma’lumot;

gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi bilan bog‘lanish ma’lumotlari.

69. Reyestrga kiritilgan asosiy ma’lumotlar tanishish uchun ochiq hisoblanadi, shuningdek gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy yangilab boriladi hamda Qo‘mita va Ishchi organning rasmiy axborot resurslarida joylashtiriladi.

8-bob. Malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi

70. Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi bilan bog‘liq shikoyatlar, shuningdek malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalari Qo‘mita huzuridagi besh kishilik tarkibga ega bo‘lgan Maxsus komissiya (keyingi o‘rinlarda — Maxsus komissiya) tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Maxsus komissiyaning ishlash tartibi va tarkibi Qo‘mita tomonidan belgilanadi.

Maxsus komissiya malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish huquqiga ega.

71. Malaka sertifikati va beyjikning amal qilishi quyidagi hollarda to‘xtatib turilishi mumkin:

jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuzilgan kelishuv majburiyatlarining buzilishi aniqlanganda;

ekskursiya xizmatlarining sifati bilan bog‘liq shikoyatlar kelib tushganda va malaka sertifikati va beyjik egasining sifatsiz xizmat ko‘rsatayotganligi to‘g‘risidagi faktlar tasdiqlanganda.

Malaka sertifikati va beyjikni to‘xtatib turish Maxsus komissiya yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Malaka sertifikati va beyjikning amal qilishi Maxsus komissiya tomonidan o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga, sud tomonidan esa o‘n ish kunidan uch oygacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.

Maxsus komissiyaning malaka sertifikati va beyjikni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori malaka sertifikati va beyjik egasiga qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda yetkaziladi. Sudning malaka sertifikati va beyjikni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori uning egasiga va Qo‘mitaga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.

Maxsus komissiya va sud tomonidan malaka sertifikati va beydikning egasiga ushbu hujjatlarning amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha muddat belgilanishi shart. Bunda malaka sertifikati va beyjikning amal qilinishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi sud qarorida belgilangan muddat uch oydan oshmasligi kerak.

Agar malaka sertifikati va beyjik egasi tomonidan malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlar bartaraf etilsa, malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan Maxsus komissiya yoki sud ushbu holatlar bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi tasdiqni olgan kundan e’tiboran ikki kun ichida malaka sertifikati va beyjikni tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilishi shart.

Malaka sertifikati va beyjik ularning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran to‘xtatib turiladi va Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.

72. Malaka sertifikati va beyjikning amal qilishi quyidagi holatlarda tugatiladi:

malaka sertifikati va beyjik egasining malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi yozma murojaati orqali;

malaka sertifikati va beyjikning egasi vafot etganda;

malaka sertifikati va beyjik egasining muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

malaka sertifikati va beyjik egasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuzilgan ekskursiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha kelishuv majburiyatlarining muntazam ravishda buzilishi aniqlanganda;

malaka sertifikati va beyjikni ekskursiya o‘tkazish maqsadida boshqa shaxsga/shaxslarga topshirish fakti aniqlanganda;

malaka sertifikati va beyjik egasi tomonidan malaka sertifikati va beyjikining amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlar Maxsus komissiya yoki sud tomonidan belgilangan muddatlarda bartaraf etilmasa;

Ishchi organning malaka sertifikati va beyjikni berish to‘g‘risidagi qarorining noqonuniyligi aniqlanganda;

malaka sertifikati va beyjikning amal qilish muddati tugaganda.

Malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini tugatish Maxsus komissiyaning qarori bilan amalga oshiriladi, ushbu bandning sakkizinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.

Ushbu bandning yettinchi va sakkizinchi xatboshisida ko‘rsatilgan hollarda malaka sertifikati va beyjikni bekor qilish sud tartibida amalga oshiriladi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno

Malaka sertifikati va beyjikning amal qilishi ularning amal qilishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab tugaydi va Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.

Maxsus komissiyaning malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori malaka sertifikati va beyjik egasiga qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda yetkaziladi. Sudning malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori uning egasiga va Qo‘mitaga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.

Malaka sertifikati va beyjikning egasi malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarorni olgandan so‘ng uch ish kuni ichida ularni yo‘qotish uchun Ishchi organga qaytarishi shart.

Boshqa sabablarga ko‘ra malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

73. Malaka sertifikati va beyjikni bekor qilish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

malaka sertifikati va beyjik egasining malaka sertifikati va beyjikni bekor qilish to‘g‘risidagi yozma murojaati;

soxta hujjatlar taqdim etish orqali malaka sertifikati va beyjik olish fakti aniqlanganda;

sud tomonidan Ishchi organning malaka sertifikati va beyjik berish to‘g‘risidagi qarorining noqonuniyligi aniqlanganda.

Boshqa asoslar bo‘yicha malaka sertifikati va beyjikning bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maxsus komissiyaning malaka sertifikati va beyjikni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran amal qiladi va Reyestrga tegishli yozuv kiritiladi.

Maxsus komissiyaning malaka sertifikati va beyjikning bekor qilinishi to‘g‘risidagi qarori malaka sertifikati va beyjik egasiga qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda yetkaziladi. Sudning malaka sertifikati va beyjikni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori uning egasiga va Qo‘mitaga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.

Malaka sertifikati va beyjikning egasi malaka sertifikati va beyjik bekor qilinishi to‘g‘risidagi qarorni olgandan so‘ng uch ish kuni ichida uni yo‘qotish uchun Ishchi organga qaytarishi shart.

74. Ishchi organ Maxsus komissiya yoki sudning malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish yoki bekor qilish to‘g‘risida qarori to‘g‘risida bir ish kunidan kechiktirmay malaka sertifikati va beyjik egasini yozma ravishda xabardor qiladi.

75. Malaka sertifikati va beyjikning egasi malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini tugatish yoki bekor qilinishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida malaka sertifikati va beyjikni yo‘q qilish uchun qonunchilikda o‘rnatilgan tartibdi Ishchi organga qaytarishi lozim.

76. Ishchi organ malaka sertifikati va beyjikning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida va (yoki) Ishchi organ va Qo‘mitaning rasmiy axborot resurslarida e’lon qiladi, Reyestrga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.

77. Malaka sertifikati va beyjikni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror ustidan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.

9-bob. Yakunlovchi qoidalar

78. Ushbu Nizom talablari va shartlari qonun hujjatlariga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

79. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikati va beyjik berish

SXEMASI

Bosqich

 

Subyektlar

 

Tadbirlar

 

Bajarish muddati

1-bosqich

 

Jismoniy shaxs (talabgor)

 

Jismoniy shaxs (talabgor) tegishli hujjatlar bilan Ishchi organga murojaat qiladi.

 

Ehtiyojdan kelib chiqqan holda

             

2-bosqich

 

Ishchi organ

 

1. Mazkur Nizom talablariga muvofiq hujjatlarni qabul qiladi va ko‘rib chiqadi.

2. Malaka imtihonini o‘tkazish vaqti va joyini e’lon qiladi va belgilaydi.

 

Ushbu Nizomda belgilangan muddatlarga muvofiq

             

3-bosqich

 

Imtihon komissiyasi

 

Mazkur Nizom talablariga muvofiq malaka imtihonini o‘tkazadi va natijalarini e’lon qiladi.

 

Ushbu Nizomda belgilangan muddatlarga muvofiq

             

4-bosqich

 

Ishchi organ

 

1. Reyestrga tegishli yozuvlarni kiritadi.

2. Belgilangan namunadagi malaka sertifikati va beyjikni tayyorlaydi va taqdim qiladi (egasining so‘roviga muvofiq).

 

5 kun davomida

Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA

http://lex.uz/files/4938806

Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA

http://lex.uz/files/4938814

Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
4-ILOVA

http://lex.uz/files/4938828

Aloqalarimiz
Manzili:
150100 г. Farg'ona sh, Alisher Navoiy k-si, 17 A-uy. Tel., +998732441440, +998732444914