Home \ Biz haqimizda \ Turizm faoliyatini yo'lga qo'yish va yuritish NIZOMLARI \ Turizm faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida NIZOM

Turizm faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida NIZOM

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil

10-iyuldagi 433-son qaroriga
1-ILOVA

Turizm faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom turizm faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.

2. Tadbirkorlik subyektlari turizm faoliyatini faqat belgilangan tartibda tegishli litsenziyani olgandan keyingina amalga oshirish huquqiga ega.

Ekskursiya faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga — turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olish talab etilmaydi.

Turizm faoliyatiini litsenziyalash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

3. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:

turoperatorlik faoliyati — yuridik shaxs tomonidan turizm mahsulotini shakllantirish, targ‘ib etish va realizatsiya qilish bo‘yicha turizm faoliyati;

turagentlik faoliyati — turizm mahsulotini targ‘ib etish va realizatsiya qilish yuzasidan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan turizm faoliyati;

ekskursiya faoliyati — yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan va joylashtirishga (tunab qolishga) doir xizmatlar ko‘rsatishni nazarda tutmaydigan, madaniy meros obyektlari, diqqatga sazovor joylar va boshqa obyektlar bilan tanishtirish maqsadida oldindan tuzilgan yo‘nalishlar bo‘yicha ekskursiya yetakchisi hamrohligida ekskursiyalar tashkil etishga doir turistik faoliyatning elementi;

litsenziyalovchi organ — O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari;

litsenziya talabgori — O‘zbekiston Respublikasida belgilangan tartibda tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, turizm faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish maqsadida ariza bilan murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxs.

4. Litsenziya quyidagi turizm faoliyati turlariga beriladi:

a) turoperatorlik;

b) turagentlik.

5. Litsenziyalovchi organ quyidagi uchta yo‘nalish bo‘yicha litsenziyalar beradi:

ichki turizm — O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi jismoniy shaxslarga turizm xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida turoperatorlik va turagentlik faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun;

chiqish turizmi — O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi jismoniy shaxslarga yuridik shaxslar tomonidan turizm xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida turoperatorlik va turagentlik faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun;

kirish turizmi — O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida yashovchi jismoniy shaxslarga turizm xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida turoperatorlik va turagentlik faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun.

6. Turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.

7. Turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya muddati cheklanmasdan beriladi.

8. Davlat xizmatlari belgilangan Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatiladi.

Davlat xizmatlari markazlari va litsenziyalovchi organ o‘rtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.

2-bob. Litsenziya talablari va shartlari

9. Turoperatorlar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalash talablari va shartlari quyidagilardan iborat:

a) turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya qilish;

b) yuridik shaxs shtatida “turizm” yo‘nalishi bo‘yicha oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan yoki malaka sertifikatiga ega bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;

v) yuridik shaxs xodimlari (gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar) uch yilda kamida bir marta belgilangan tartibda malaka sertifikati olishi;

d) “chiqish turizmi” yo‘nalishi bo‘yicha turizm faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talabgorlariga 15 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zahira qilishi;

Oldingi tahrirga qarang.

e) turizm xizmatlarining muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlangan turistlar va ekskursiyachilarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tizimning mavjudligi (agar mavjud bo‘lsa);

(9-bandning “e” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-noyabrdagi 722-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2020-y., 09/20/722/1611-son)

j) turizm mahsuloti buyurtmachisi bilan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining turizm xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga javob beradigan elektron tijorat shartnomasi tuzilganidan keyin turizm xizmatlarini taqdim etish;

z) har bir turistga va ekskursantga turistik sayohat vaqtida O‘zbekiston Respublikasiga hamda chet davlatlarga kirish, ulardan chiqish va ularda bo‘lishning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi axborotni yetkazish;

Oldingi tahrirga qarang.

i) mijozga litsenziatning ish rejimi, uning joylashgan joyi (pochta manzili), tegishli litsenziya, turizm xizmatlari sertifikati (agar mavjud bo‘lsa), turizm faoliyatining aniq yo‘nalishlari uchun mas’ul bo‘lgan litsenziatning mutaxassislari familiyasi, ismi, otasining ismi to‘g‘risida to‘liq va batafsil ma’lumot berish, jumladan, ushbu ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘zining xalqaro internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytiga joylashtirish;

(9-bandning “i” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-noyabrdagi 722-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2020-y., 09/20/722/1611-son)

Oldingi tahrirga qarang.

k) litsenziat kamida ikki chet tilidagi, elektron to‘lovlar, bron qilish xizmatlarini ko‘rsatadigan veb-saytga ega bo‘lishi (ushbu talabning chet tillari bo‘yicha qismi “ichki turizm” yo‘nalishidagi litsenziatlarga taalluqli emas);

(9-bandning “k” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-noyabrdagi 722-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2020-y., 09/20/722/1611-son)

l) turoperatorlarning fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashni tasdiqlovchi sug‘urta polisining mavjudligi;

Oldingi tahrirga qarang.

m) xorijiy mamlakatlardagi ta’lim va (yoki) tibbiyot muassasasining belgilangan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini tasdiqlovchi hujjat nusxasining mavjudligi (“chiqish turizmi” yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim va (yoki) tibbiyot turizmi faoliyatini amalga oshirish uchun);

n) xorijiy mamlakatlardagi ta’lim va (yoki) tibbiyot muassasasi bilan hamkorligini tasdiqlovchi hujjatning mavjudligi (“chiqish turizmi” yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim va (yoki) tibbiyot turizmi faoliyatini amalga oshirish uchun);

(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-noyabrdagi 722-sonli qaroriga asosan “m” va “n” kichik bandlar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2020-y., 09/20/722/1611-son)

o) faoliyatni faqat litsenziyada ko‘rsatilgan yo‘nalish(lar) bo‘yicha amalga oshirish.

Oldingi tahrirga qarang.

p) yuridik shaxs shtatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tasdiqlanadigan ta’lim muassasalarining oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan yoki ushbu ta’lim muassasalarida malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi (“chiqish turizmi” yo‘nalishi bo‘yicha “ziyorat” turizmi faoliyatini amalga oshirish uchun).

(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-fevraldagi 100-sonli qaroriga asosan “p” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.02.2021-y., 09/21/100/0169-son)

10. Turagentlar faoliyatini litsenziyalash talablari va shartlari quyidagilardan iborat:

a) turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya qilish;

b) turizm faoliyatining “chiqish turizmi” yo‘nalishida faqat yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshirish;

v) “chiqish turizmi” yo‘nalishi bo‘yicha turizm faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talabgorlariga 15 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zahira qilishi;

g) turoperator bilan shartnoma tuzilgandan so‘ng turoperatorlar tomonidan yaratilgan turizm mahsulotini targ‘ib va realizatsiya qilish;

d) har bir turistga va ekskursantga turistik sayohat vaqtida O‘zbekiston Respublikasiga hamda chet davlatlarga kirish, ulardan chiqish va ularda bo‘lishning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi axborotni yetkazish;

Oldingi tahrirga qarang.

e) litsenziat kamida ikki chet tilidagi, elektron to‘lovlar, bron qilish xizmatlarini ko‘rsatadigan veb-saytga ega bo‘lishi (ushbu talabning chet tillari bo‘yicha qismi “ichki turizm” yo‘nalishidagi litsenziatlarga taalluqli emas);

(10-bandning “e” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-noyabrdagi 722-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2020-y., 09/20/722/1611-son)

j) mijozga litsenziatning ish rejimi, uning joylashgan joyi (pochta manzili), tegishli litsenziya, litsenziatning familiyasi, ismi, otasining ismi to‘g‘risida to‘liq va batafsil ma’lumot berish, jumladan, ushbu ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘zining xalqaro internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytiga joylashtirish.

3-bob. Litsenziya olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar

11. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun (keyingi o‘rinlarda — Yagona portal) ro‘yxatdan o‘tadi.

Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) turoperatorlik faoliyatini amalga oshirish uchun:

litsenziya talabgorining nomi va yuridik shakli ko‘rsatilgan holda litsenziya olish uchun ariza;

ushbu Nizom 9-bandining “k” kichik bandida ko‘rsatilgan shartlar bajarilgani to‘g‘risida ma’lumotlar;

Oldingi tahrirga qarang.

ushbu Nizom 9-bandining “b” va “l” kichik bandlarida ko‘rsatilgan talablarning bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari;

(11-band “a” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-noyabrdagi 722-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2020-y., 09/20/722/1611-son)

Oldingi tahrirga qarang.

ushbu Nizom 9-bandining “d” kichik bandida ko‘rsatilgan talablarning bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (“chiqish turizmi” faoliyatini amalga oshirish uchun);

(11-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-noyabrdagi 722-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2020-y., 09/20/722/1611-son)

rahbarning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili, pasport ma’lumotlari, uy manzili, ma’lumoti, aloqa telefonlari ko‘rsatilgan ma’lumotlar;

b) turagentlik faoliyatini amalga oshirish uchun:

litsenziya talabgorining nomi va tashkiliy-huquqiy shakli ko‘rsatilgan holda litsenziya olish uchun ariza;

ushbu Nizom 10-bandining “j” kichik bandida ko‘rsatilgan shartlar bajarilgani to‘g‘risida ma’lumotlar;

ushbu Nizom 10-bandining “b” va “v” kichik bandlarida ko‘rsatilgan talablarning bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (“chiqish turizmi” faoliyatini amalga oshirish uchun);

familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili, pasport ma’lumotlari, uy manzili, ma’lumoti, aloqa telefonlari ko‘rsatilgan ma’lumotlar.

12. Litsenziyalovchi organ litsenziyani berish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlarni boshqa vakolatli organlarda belgilangan tartibda, o‘zaro aloqa orqali, shu jumladan elektron ko‘rinishda, mustaqil ravishda oladi.

13. Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ariza to‘ldirilgandan so‘ng, litsenziya talabgori ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, arizani o‘z elektron raqamli imzosi (ERI) bilan tasdiqlaydi.

14. O‘zi kelib murojaat qilganda arizani ERI bilan tasdiqlash imkoniyati bo‘lmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlashi mumkin.

O‘zi kelib murojaat qilganda Davlat xizmatlari markazi xodimi belgilangan tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlangan davlat xizmatining pasportiga muvofiq arizani to‘ldirishning to‘liqligini tekshiradi.

Arizani ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng, Davlat xizmatlari markazi xodimi litsenziya talabgoriga ariza qabul qilinganligi to‘g‘risida bildirishnoma beradi yoki talabnomaning ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqamini ko‘rsatgan holda uning nusxasiga tegishli belgi qo‘yadi.

Davlat xizmatlari markazlari litsenziya talabgorlari ERIni joyning o‘zida olishlari uchun barcha zarur sharoitlarni ta’minlashga majburdir.

15. Davlat xizmatlari markazi xodimi o‘zi kelib murojaat qilganda ariza olingan kunida arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni maxsus shaklda aniq kiritadi, u Yagona portal orqali tegishli ravishda litsenziyalovchi organga yuboriladi.

16. Litsenziya talabgorining joylashgan yerida bo‘lmagan Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilingan taqdirda, ariza Davlat xizmatlari markazi tomonidan tegishli litsenziyalovchi organga Yagona portal orqali yuboriladi.

Agar litsenziya talabgori Davlat xizmatlari markaziga elektron tashuvchi qurilmada ariza taqdim etsa, Davlat xizmatlari markazi xodimi, zarur bo‘lganda, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan Yagona portal orqali murojaatni Davlat xizmatlari markaziga yuborishda yordam beradi.

17. Yagona portal orqali yuborilgan ariza avtomatik ravishda noyob ro‘yxatga olish raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

4-bob. Arizani ko‘rib chiqish, litsenziya berish va litsenziyani rasmiylashtirish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish

18. Ariza ko‘rib chiqilishi uchun litsenziya talabgori to‘lov kunida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 2,5 baravari miqdorida yig‘im to‘laydi.

Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.

Yagona portal orqali litsenziya olish uchun murojaat qilinganida ushbu bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan yig‘im summasining 90 foizi undiriladi.

19. Litsenziya talabgori tomonidan Yagona portal orqali litsenziya olish uchun murojaat qilingan taqdirda, arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘imning 10 foizi miqdoridagi mablag‘ “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni boshqarish markazi” davlat unitar korxonasining hisobvarag‘iga, mablag‘larning qolgan qismi litsenziyalovchi organning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurgan holda murojaat qilingan taqdirda, arizalarni ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im summasining 20 foizi miqdoridagi mablag‘lar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

20. Litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror litsenziyalovchi organ tomonidan ushbu Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan tegishligiga ko‘ra barcha zarur hujjatlar bilan ariza olingan kundan boshlab o‘n ish kunidan oshmaydigan muddatda, tasdiqlangan ekspert xulosasi asosida qabul qilinadi.

21. Agar litsenziyalovchi organ litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati davomida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, litsenziya da’vogari ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan so‘ng litsenziyalovchi organni yozma ravishda xabardor qilgan holda arizada ko‘rsatilgan faoliyat turini amalga oshirishga haqlidir.

Litsenziyalovchi organ litsenziya da’vogarining yozma xabarnomasi olingandan keyin besh ish kuni ichida unga litsenziya berishi shart.

22. Litsenziyalovchi organ qabul qilgan qarori to‘g‘risidagi bildirishnomani Markazga yoki Yagona portal orqali tegishli qaror qabul qilinganidan keyin bir kun ichida uni litsenziya talabgoriga belgilangan tartibda yo‘naltirish (topshirish) uchun yuboradi.

23. Bildirishnomada:

litsenziyani berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda bank hisobi rekvizitlari va litsenziya berish uchun yig‘im to‘lash muddati, litsenziyalovchi organning maxsus hisobi rekvizitlari bo‘lishi kerak;

litsenziyani berish rad etilganda rad etish sabablari, asoslovchi qonun hujjatlari hamda litsenziya talabgori ushbu sabablarni bartaraf etgan holda hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat (uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatga) ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

24. Agar litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, litsenziya talabgori rad etish sabablarini bartaraf qilishga va hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun topshirishga haqli bo‘lgan muddat rad etish sabablarini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lishi kerak.

25. Litsenziat tomonidan turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning olinishi litsenziat tomonidan mazkur Nizomda ko‘rsatilgan litsenziya talablariga rioya etish majburiyatiga roziligini bildiradi hamda mazkur rozilik o‘z-o‘zidan litsenziya bitimiga tenglashtiriladi.

26. Agar litsenziat litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy muddatda litsenziyalovchi organga litsenziya berilishi uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi ma’lumotni taqdim etmasa, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.

27. Litsenziya berishni rad etishga quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

litsenziya talabgorining hujjatlarni zarur tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi;

litsenziya talabgori taqdim etgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarning mavjudligi;

litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga nomuvofiqligi.

Boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan, litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan sabablar bilan litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Litsenziya talabgori litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qarori, shuningdek, litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.

28. Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish sabablarini belgilangan muddatda bartaraf etgan taqdirda, hujjatlar litsenziyalovchi organ tomonidan barcha zarur hujjatlar bilan ariza olingan kundan e’tiboran besh ish kunidan oshmagan muddatda qayta ko‘rib chiqiladi.

Litsenziya talabgorining arizasini takroran ko‘rib chiqish uchun haq olinmaydi.

Litsenziya talabgorining arizasini qayta ko‘rib chiqishda litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarda ilgari ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Litsenziya berish rad etilganligi to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.

Litsenziya talabgorining litsenziya berishni rad etish sabablarini bartaraf etish to‘g‘risidagi arizasi va rad etish sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ushbu Nizomning 3-bobida belgilangan tartibda taqdim etiladi.

5-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish

Oldingi tahrirga qarang.

29. Litsenziat o‘zgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga:

yuridik shaxs shtatida “turizm” yo‘nalishi bo‘yicha oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan yoki malaka sertifikatiga ega bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning mavjudligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

rahbarning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili, pasport ma’lumotlari, uy manzili, ma’lumoti, aloqa telefonlari ko‘rsatilgan ma’lumotlarni ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.

Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan litsenziatlar qo‘shib yuborilgan taqdirda, litsenziyani ushbu bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan tartibda qayta rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.

Litsenziyaning amal qilishi litsenziyalanadigan faoliyat turining bir qismi (qismlari) uchun to‘xtatilgan taqdirda, litsenziya qayta rasmiylashtiriladi.

Ushbu bandning talablarini buzgan holda litsenziyalanuvchi faoliyatni amalga oshirganlik faoliyatni litsenziyasiz amalga oshirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

(29-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-noyabrdagi 722-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2020-y., 09/20/722/1611-son)

30. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishdan oldin litsenziat unda ko‘rsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.

Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalovchi organ tegishli o‘zgartirishlarni litsenziyalar reyestriga kiritadi.

Litsenziyani qayta rasmiylashtirish litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyani tiklash to‘g‘risida ariza olingan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida amalga oshiriladi.

Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish uchun to‘langan summaning yarmi miqdorida yig‘im undiriladi.

Yagona portal orqali litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun murojaat qilinganida ushbu bandning to‘rtinchi xatboshida ko‘rsatilgan yig‘im summasining 90 foizi undiriladi.

Litsenziya talabgori tomonidan Yagona portal orqali litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berilgan taqdirda, arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘imning 10 foizi miqdoridagi mablag‘ “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni boshqarish markazi” DUKning hisob varag‘iga o‘tkaziladi.

Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda, arizalarni ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im summasining 20 foizi miqdoridagi mablag‘lar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisobiga o‘tkaziladi.

6-bob. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish

31. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi.

32. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirishda litsenziyalovchi organ o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

turizm faoliyati subektlaridan turizm to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini talab qilish;

litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;

litsenziya talablari va shartlariga litsenziat tomonidan rioyae tilishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirishlarni jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilganligi faktlari to‘g‘risidagi murojaatlari asosida maxsus vakolatli organning — O‘zbekiston Respublikasi nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashining qaroriga ko‘ra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazish;

litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish vaqtida paydo bo‘ladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni so‘rash va olish;

tekshirishlar natijalari asosida, litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini ko‘rsatgan holda dalolatnomalar (ma’lumotnomalar) tuzish;

litsenziatga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday qoida buzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;

qonunda belgilangan hollarda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish yoki bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish va (yoki) sudga murojaat qilish;

litsenziyasiz turizm faoliyati amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida aniqlangan faktlar haqidagi ma’lumotlarni qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli organlarga yuborish.

33. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda litsenziyalovchi organ xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi.

7-bob. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish va litsenziyani bekor qilish

34. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish yoki uni bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22, 23 va 24-moddalarida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi.

Litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda to‘xtatish uchun asos bo‘ladigan litsenziya talab va shartlarini bir marta qo‘pol buzishga quyidagilar kiradi:

mijozlar yoki chet ellik hamkorlar bilan tuzilgan tegishli shartnomasiz turizm xizmatlarini ko‘rsatish;

Oldingi tahrirga qarang.

(34-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-noyabrdagi 722-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2020-y., 09/20/722/1611-son)

o‘z faoliyatini amalga oshirishda ushbu Nizomning 9 va 10-bandlari talablariga rioya qilmaslik.

35. Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish yoki uni bekor qilish asossiz ekanligi sud tomonidan e’tirof etilgan taqdirda litsenziyalovchi organ litsenziat oldida litsenziat ko‘rgan zarar miqdorida javob beradi.

Litsenziyaning amal qilishi to‘xtatilganda va bekor qilinganda to‘langan davlat boji qaytarilmaydi.

36. Litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilgan va bekor qilingan taqdirda litsenziatning mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining maxsus hisobida saqlangan mablag‘lar 3 ish kuni ichida litsenziatga qaytariladi.

8-bob. Litsenziyalar reyestrini yuritish

37. Litsenziyalovchi organ turizm faoliyati litsenziyalari reyestrini yuritadi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:

a) litsenziatlar to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlar-tashkilotning nomi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, tashkiliy-huquqiy shakli, tashkilot rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi;

b) litsenziya berilgan sana va reyestr raqami;

v) turizm faoliyati yo‘nalishi;

g) faoliyatning litsenziyalanadigan faoliyat turi amalga oshiriladigan manzil, aloqa telefoni, faks raqamlari, elektron pochta manzili va boshqa kontaktlar;

d) litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini to‘xtatib turish va tiklashning asosi va sanasi;

e) litsenziyaning amal qilishini to‘xtatish yoki bekor qilishning asosi va sanasi.

38. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq bo‘ladi.

9-bob. Litsenziya berilganligi uchun davlat boji

39. Turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berganlik uchun “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan miqdorlarda davlat boji undiriladi.

40. Davlat boji O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga o‘tkaziladi.

10-bob. Yakunlovchi qoida

41. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Turizm faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga
1-ILOVA

Turizm faoliyatini litsenziyalash

SXEMASI
 

Subyektlar

 

Tadbirlar

 

Bajarish muddati

         

Litsenziya talabgori

 

1. Nizomning 10-bandiga muvofiq litsenziya olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlaydi.

2. Arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali pochta aloqasi vositasida yoki bevosita taqdim etadi.

3. Arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lov kunida belgilangan eng kam ish haqining 2,5 baravari miqdorida yig‘im to‘laydi.

 

Litsenziya talabgorining xohishiga ko‘ra

   
         

Davlat xizmatlari markazlari

 

1. Litsenziya olish uchun berilgan arizani qabul qiladi. Inventarizatsiyanusxasini talabnoma qabul qilingan sana ko‘rsatilgan holda arizachiga yuboradi (topshiradi).

2. Litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan holda litsenziyalovchi organ tomonidan ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

 

Ariza qabul qilingan kunda

   
         

Litsenziyalovchi organ

 

Litsenziya talabgori tomonidan ariza va barcha zarur hujjatlar topshirilgan vaqtdan boshlab litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

 

10 ish kuni ichida

   
         

Litsenziyalovchi organ

 

Agar litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, rad etish to‘g‘risida bildirishnoma bir kunlik muddatda Yagona portal orqali yoki Davlat xizmatlari markaziga keyinchalik litsenziya talabgoriga belgilangan tartibda topshirish uchun yuboriladi.

 

Bir kun muddatda

   
         

Litsenziya talabgori

 

Litsenziya berish rad etilgan taqdirda, aniqlangan sabablarni bartaraf etadi hamda ariza va hujjatlarni litsenziyalovchi organga qayta topshiradi.

 

Litsenziyalovchi organ tomonidan belgilangan muddatga muvofiq

   
         

Litsenziyalovchi organ

 

Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida takroran qaror qabul qiladi.

 

5 ish kuni mobaynida

   
         

Litsenziyalovchi organ

 

Litsenziyani berishga qaror qilinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari va davlat bojini to‘lash muddati ko‘rsatilgan holda yozma shaklda, shu jumladan, elektron shakldagi axborot tizimi orqali xabar beradi.

 

Bir kun mobaynida

   
         

Litsenziat

 

Litsenziya berilganligi uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi ma’lumotni litsenziyalovchi organga taqdim etadi.

 

3 oy mobaynida

   
         

Litsenziyalovchi organ

 

Yuqorida qayd etilgan shartlar bajarilmagan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.

 

3 oydan so‘ng

   
         

Litsenziyalovchi organ

 

Litsenziya talabgori tomonidan Nizomning 33-bandiga muvofiq davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi ma’lumotni taqdim etilganda tegishli blankada litsenziyani rasmiylashtiradi va imzolaydi va litsenziatga beradi.

 

2 ish kuni mobaynida

 

 

Turizm faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga
2-ILOVA

http://lex.uz/files/4934372

Aloqalarimiz
Manzili:
150100 г. Farg'ona sh, Alisher Navoiy k-si, 17 A-uy. Tel., +998732441440, +998732444914