
Bugun, 2-fevral kuni Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida muhtaram Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlangan media-rejaga asosan viloyatdagi turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kompleksi tizimiga kiruvchi tashkilotlarda korrupsiya xolatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz kurashishga qaratilgan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Mazkur yig‘ilishda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i X. Ahmedov, viloyat madaniyat boshqarmasi J. Tojibayev, Viloyat Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i M. G‘ofurov, viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M. Temirov, viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N. Hakimov, viloyatda faoliyat yurituvchisi OAV xodimlari, jurnalist va mustaqil blogerlar ishtirok etdi.
Avvalo, Turizm va sport bosh boshqarmasi tizim tashkilotlarida korrupsiya hollariga yo‘l qo‘ymaslik, uni oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha muntazam ravishda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Bosh boshqarma mutaxassislari tomonidan “Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy ichki idoraviy hujjatlar namunalari” ishlab chiqildi va joylarga qo‘llanma sifatida yetkazildi.
Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, korrupsiyaviy havf-xatarlarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, korrupsiyaviy xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qishlarni tashkil qilish, kontragentlarni tekshirish, ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish, korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish, korrupsiyaga qarshi kurash tizimining holati to‘g‘risidagi hisobotni shakllantirish va taqdim etish, korrupsiyaviy xatti-xarakatlari va odob-ahloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish kabi yo‘riqnoma, reglament, nizom va uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqildi.
2021 yilning avgust oyidan boshlab har oyda muntazam ravishda korrupsiya hollariga yo‘l qo‘ymaslik va uni oldini olishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Ayniqsa, taʼlim muaassasalarida, musobaqa va tanlov o‘tkazish jarayonida bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslikka alohida eʼtibor qaratildi. O‘tkazilayotgan musobaqalarda o‘zaro kelishib olishga yo‘l qo‘ymaslik, hakamlarning adolatli bo‘lishlari yoki seleksiya jarayonida sportchi va murabbiylar o‘rtasida tanish-bilishchilikni bartaraf etish, haqiqiy iqtidorli nomzodlarni tanlab olishga urg‘u berilmoqda.
Xuddi shuningdek, madaniyat sohasida ham turli ko‘rik-tanlovlar, konsert dasturlari, kadrlar bilan ishlash va boshqa tadbirlarda korrupsiya holatlari oldini olish uchun doimiy targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Yoki, Madaniy meros boshqarmasi tizimida obyektlarni saqlash, restavratsiya qilish, qayta tiklash va ulardan foydalanish tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Obyektlarni ijaraga berish, taʼmirlash tizimi ham shaffoflik bilan yo‘lga qo‘yilgan. Agar ijara masalasi davlat ijara markazi bilan o‘rnatilgan tartibda uch tomonlama amalga oshirilsa, taʼmirlash ishlari Respublika Madaniy meros agentligi tomonidan eʼlon qilingan tender asosida amalga oshiriladi.
Viloyat bo‘yicha korrupsiya hollarini oldini olishga qaratilgan jami 57 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Buning natijasida, Turizm va sport bosh boshqarmasi tizimidagi tashkilotlarda o‘tgan yilda bironta ham korrupsiya hollarga yo‘l qo‘yilmadi.
Shuningdek, o‘tgan Turizm va sport bosh boshqarmasi 2021 yilni yuqori natijalar bilan yakunladi.
Xususan, Turizm yo‘nalishi bo‘yicha:
Farg‘ona viloyatida 2021 yil yakunlari bo‘yicha turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar tahlili quyidagicha reytingga ega:
– joylashtirish vositalarini tashkil etish (mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari va hostelllar tashkil etish va turistlarga ijaraga xonadonlar berish) - 4 o‘rin;
– turizm salohiyatini OAV (mahalliy va xorijiy) va blogerlari orqali targ‘ibot qilish hamda reklama mahsulotlarini chop etish bo‘yicha - 4 o‘rin;
– sayohatni uyushtiruvchi va yangi turistik mahsulot ishlab chiquvchi turoperator va turagentlarni tashkil etish bo‘yicha - 5 o‘rin;
– turoperator va turagentlarning sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha – 3 o‘rin;
– tashrif buyuruvchilar uchun ommaviy tadbirlar tashkil etish va ularni bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish – 3 o‘rin;
– yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatish infratuzilmalarni (SGSH, savdo va boshqa servislar) tashkil etish bo‘yicha – 2 o‘rin;
– turistik obyektlarga olib boruvchi navigatsiya yo‘l ko‘rsatgich va stend ko‘rinishidagi turistik xaritalarni o‘rnatish bo‘yicha – 3 o‘rin;
– Farg‘ona viloyatiga sayyohlarni tashrif buyurish jihatidan respublika viloyatlar o‘rtasida 6-o‘rin qayd etildi.
Bundan tashqari viloyatda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida 2021 yil davomida viloyatga 563,3 ming nafar (2020 yil 34,2 ming nafar) sayyohlar tashrif buyurgan bo‘lib, ulardan 47,0 ming nafari xorijlik (2020 yil 5,8 ming nafar), 516,3 ming nafar (2020 yilda 26,9 ming. nafar) mahalliy sayyohlarni tashkil etmoqda.
Natijada 2021 yilda tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2020 yilga nisbatan 10 baravarga o‘sgan.
Sport yo‘nalishi bo‘yicha:
Farg‘ona viloyatida 2021 yil yakunlari bo‘yicha sport sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar tahlili quyidagicha reytingga ega:
– Jami 19 656 ta ommaviy sport tadbirlari o‘tkazilib, unga umumiy aholining 1 505 385 nafari jalb qilingan. Bu 39,3 foizni tashkil qilib, Respublika miqyosida Farg‘ona viloyati 2-o‘rinni egalladi.
– 2021 yilda Farg‘ona viloyati 13 ta Respublika chempionati, kubogi, turniri va o‘quv mashg‘uloti yig‘inlariga mezbonlik qilgan. Bu jihatdan viloyatimiz 3-o‘rinda turadi.
– Viloyatdagi sportchilaridan O‘zbekiston Milliy terma jamoasiga jami 878 nafar sportchi yetkazib berilgan. Uning tahlili bo‘yicha 7,3 foizi bilan 5-o‘rinni egalladi.
– Respublika miqyosidagi musobaqalarida jami 5 418 ta nafar sportchilari ishtirok etgan bo‘lib, unda 1 985 ta (502 ta oltin, 623 ta kumush, 860 ta bronza) medallari qo‘lga kiritilgan. Ushbu natijalar tahlil qilinganda Farg‘ona viloyati sportchilari 5-o‘rinda turganligini ko‘ramiz.
Madaniyat yo‘nalishi bo‘yicha:
Viloyatdagi madaniyat va sanʼat muassasalari tomonidan 2021 yil davomida 16 656 ta (2020 yilda 7350 ta) turli mavzulardagi madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar dam olish kechalari konsertlar, festivallar tomoshalar, bayram tadbirlari, ko‘rik-tanlovlar tashkil etilib, ularga jami 2 625 454 nafar (1 700 000) yoshlar va aholi jalb qilindi.
Viloyatidagi 5 ta teatrda 2021 yil davomida 553 marta (2020 yilga nisbatan 10%ga oshgan) spektakllar namoyish etildi. Spektakllardagi jami tomoshabinlar soni 137 600 nafarni (2020 yilga nisbatan 3 barobarga oshgan) tashkil etdi. Ulardan 1 mlrd. 130 600 ming so‘m (2020 yilga nisbatan 5 barobarga oshgan) mablag‘ ishlab topilgan.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida Quva tumanida 33 ta, Oltiariq tumani 10 ta, Rishton tumani 12 ta, obyektga yo‘l ko‘rsatkichlarini o‘rnatilib, bu ko‘rsatkich 163 taga (43%) yetkazildi.
Joriy yilning hisobot davrida qarorga asosan 10 dan ortiq madaniy meros obyektlari hududida asrashga doir ishlar va yangi bino-inshootlar qurish bo‘yicha taklif loyiha ilmiy-ekspert kengashi xulosasini olish uchun Departamentga taqdim etildi.
Madaniy meros yo‘nalishi bo‘yicha:
Viloyatdagi moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarida olib borilgan restavratsiya-tiklash ishlariga alohida eʼtibor qaratilib, 2021 yilda respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, taʼmirlash-tiklash va konservatsiya qilish ishlari uchun Farg‘ona viloyatidan 8 ta obyekt kiritilib, undan 3 tasida (Marg‘ilon shahar “Uzun hovuz” masjidi, Qo‘qon shahar “Internat maktabi” (Knabe uyi), O‘zbekiston tumanidagi “Mo‘yi muborak” ziyoratgohi) restavratsiya, taʼmirlash-tiklash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
8 ta madaniy meros obyektida jami 3 mlrd 293 mln. so‘m mablag‘ evaziga 18 km yo‘l asfaltlashtirildi.
Tadbir yakunida viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Rustamovich, so‘z olib bugungi tadbirga tashrif buyurgan barcha OAV xodimlari, jurnalist va blogerlar minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirining tegishli buyrug‘i bilan farg‘onalik faxriy sportchi, jamoatchi Adham Otajonovichga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport xodimi» faxriy unvoni berilganligini eʼlon qildi va ustozni muborakbod etdi.
Bahodir Hoshimov