Kuni kecha Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyati hokimligining taklifiga ko‘ra, Farg‘ona viloyatidan bir guruh jurnalist va blogerlar uchun maxsus press-tur tashkil etildi. Guruhga shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi turizm sohasi vakillari, turfirma va turagentlar ham qo‘shildi.
Delegatsiyaga Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari, viloy at Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Xurshidjon Ahmedov boshchilik qildi. Farg‘onalik mehmonlar Konibadomning “Patar” chegara postida katta tantanalar bilan kutib olindi.
So‘ng mehmonlar Xo‘jandning mashhur “Payshanba” bozori va Shayx Malaxatdin masjidiga tashrif buyurdilar.
Kunning ikkinchi yarmida “Sug‘diyona” mehmonxonasida “Sug‘d viloyatining turistik imkoniyatlari” mavzusida amaliy konferensiya va targ‘ibot taqdimoti namoyishi bo‘lib o‘tdi. So‘ng mehmonlar “Kamol Xo‘jandiy” nomidagi tarixiy-madaniy majmua hamda “Zarafshon” turistik markaz bilan tanishdilar.
Delegatsiya aʼzolari Sug‘d viloyati tarixi muzeyi, madaniy va turistik maskanlar o‘rganildi. Uchrashuv jarayonida Farg‘ona va Sug‘d viloyatlari o‘rtasida turizm sohasida doimiy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Bundan tashqari har ikki viloyatdagi turistik tashkilotlari o‘rtasida 4 ta hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, Tojikiston xalqaro turizm universiteti bilan Marg‘ilon Turizm va madaniy meros texnikumi o‘rtasida hamkorlik ahdlashuviga erishildi.