Maʼlumki, 2018 yildan buyon Farg‘ona shahrida Latviyaning ISMA (Axborot tizimlarini boshqarish oliy maktabi) universiteti filiali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bugun ana shu dargohning ilk bitiruvchilari Axborot texnologiyalari, Biznes boshqaruvi va Turizmda biznesni boshqarish kabi mutaxassislik bo‘yicha bakalavr va magistr diplomini qo‘lga kiritdilar.
To‘rt yil davom etgan o‘qish davrida talabalar nazariy bilimlardan tashqari Latviyadagi turizm tashkilotlari, mehmonxona va biznes markazlarida tajriba almashib, Yevropa taʼlim standartidagi ko‘nikmalarga ham ega bo‘ldilar. ISMAning maqsadidan kelib chiqqan holda farg‘onalik yoshlar xalqaro miqyosdagi yetakchi va zamonaviy mutaxassis bo‘lib yetishdilar.
Diplomlarning tantanali topshirish marosimi Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi teatr-konsert saroyida bo‘lib o‘tdi va unda universitet Prezidenti, akademik Roman Dyakon, Farg‘ona viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov, filial rektori Sandra Plots, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarning rahbarlari, bitiruvchi talabalarning ota-onalari hamda boshqa mutasaddi vakillar ishtirok etdi.
Tadbir Latviyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Reynis Troksh hamda O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi Qadamboy Sultonovning onlayn tarzdagi tabrik so‘zlari bilan boshlandi.
Shuningdek, ISMA prezidenti Roman Dyakon va Farg‘ona viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedovlar ham bitiruvchi talaba yoshlarni bugungi marosim munosabati bilan muborakbod etdilar.
Eʼtiborlisi, ushbu taʼlim muassasasi bitiruvchilari orasida Farg‘ona viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutaxassisi Shohruh Hoshimov ham bo‘lib, u Turizmda biznesni boshqarish yo‘nalishida magistr diplomiga ega bo‘ldi.
Diplom topshirish marosimida bitiruvchilar va farg‘onalik sanʼatkorlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.