Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi monitoring guruhi Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgan edi. Unga Turizm va madaniy meros vazirligining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari L. Zakirlayeva rahbarlik qilmoqda. Bugun 20-aprel kuni monitoring guruhi aʼzolari Farg‘ona tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-104-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 631-sonli qarori bo‘yicha amaliy seminar tashkillandi.
Seminarda, Turizm va madaniy meros vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari L. Zakirlayeva yuqoridagi qarorlarning mazmun mohiyati bilan tanishtirdi va Farg‘ona tumanida ushbu sohaga qo‘llab-quvvatlash uchun 6,9 mlrd. so‘m miqdordagi kredit mablag‘lari ajratish ko‘zda tutilganligini gapirib o‘tdi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi bo‘lib boshlig‘i U. Mamajonov yig‘ilganlarga kreditlarni rasmiylashtirish, elektron tarzda ariza kiritish, qanday maqsadlar uchun mablag‘ ajratilishi tartiblari haqida tushuncha berdi.
Seminarda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari X. Ahmedov, Farg‘ona tumani hokimi Sh. Mo‘minov, viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutasaddi xodimlari, tuman hokimligi vakillari, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan qishloq va mahallalar raislari, yoshlar yetakchilari hamda tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarda davomida tumanning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarida oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tov lagerlari, avtokempinglar, ekouylar majmuasi, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlarni tashkil etish hamda ularga kredit mablag‘larini ajratish yana bir karra muhokama qilindi.
Sayyohlik mavsumida tumandagi Avval, Vodil, Satkak va Chimyon qishloqlarining har biri 50 mingdan ziyod mahalliy sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Tumanda esa bor-yo‘g‘i 5 ta hostel va 43 ta oilaviy mehmon uyi faoliyat ko‘rsatadi xolos. Bu obyektlar bir vaqtning o‘zida 500 ta mehmonni qabul qiladi. Bu raqamni albatta 1000 dan orttirishimiz lozim, deyildi seminarda.
Seminar bahs-munozaraga boy bo‘ldi. Tadbirkorlar va jismoniy shaxslardan bir necha takliflar tushdi. Berilgan savollarga mutasaddi vakillarning javoblari berildi.
Seminarda OAV vakillari ishtirok etdi.
Bahodir Hoshimov