
Samarqand shahrida 2018 yildan buyon faoliyat yuritayotgan "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti shu sohaga yo‘naltirilgan 20 dan ortiq mutaxassislikni tayyorlab kelmoqda. Mazkur Universitet Markaziy Osiyo mintaqasida turizm sohasidagi birinchi xalqaro darajadagi universitet hisoblanadi.
Uning 70 foiz o‘qituvchilari – yirik xorijiy oliy o‘quv yurtlarida taʼlim olgan mutaxassislardir. Unda nafaqat O‘zbekiston fuqarolari balki, chet el fuqarolari ham bemalol tahsil olish imkoniyati yaratilgan. Tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha barcha fanlar ingliz tilida o‘qitiladi. Universitet qator (AQSH, Xitoy, Italiya, Singapur, Hindiston, Indoneziya, Turkiya, Rossiya, Fransiya va Kanada) mamlakatlarning turizm sohasidagi eng taniqli oliygohlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida mazkur o‘quv yurtiga talabalarni jalb qilish bo‘yicha joylarda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shu kungacha 20 dan ortiq muassasada targ‘ib ishlari o‘tkazildi. Eʼtiborlisi, mazkur universitetda xorijiy talabalar ham tahsil olish imkoniyati bor. Farg‘ona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutaxassislari viloyatda faoliyat olib borayotgan chet el fuqarolari orasida ham targ‘ibotni yo‘lga qo‘ygan.
Navbatdagi targ‘ibot obyekti Qo‘qon shahridagi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan o‘zbek-hind “Indorama” qo‘shma korxonasi bo‘lib, unda 50 dan ortiq hindistonlik fuqaro ishlaydi. 13-iyun kuni ushbu korxonada targ‘ibot ishlari olib borilib, ularning farzandlarini ham turizm va madaniy meros yo‘nalishida xalqaro standartdagi mutaxassislikka ega bo‘lishga chaqirildi.
Tadbir davomida chet el fuqarolari uchun yaratilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar haqida maʼlumotlar berildi va ularni qiziqtirgan boshqa savollarga javob berildi.
Ushbu taʼlim muassasasida o‘qish istagini bildirgan fuqarolarga kerakli tavsiyalar berildi.