
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining sammitida ilgari surilgan tashabbuslaridan kelib chiqib joriy yil 8-10-iyun kunlari Qo‘qon shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti, “Turksoy” - Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta taʼlim vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi bilan hamkorlikda “Qo‘qon xonligining turkiy xalqlar davlatchiligi va madaniy merosini rivojlantirishdagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiyaning ilmiy hamkorlari O‘zbekiston davlat sharqshunoslik universiteti, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Qo‘qon universiteti hisoblanadi.
Konferensiyada turkiy tilli davlatlar hamda Qo‘qon xonligi tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlarning 20 dan ortiq, O‘zbekistonning 30 dan ortiq olimlari, shuningdek, 50 ga yaqin xalqaro tashkilotlar va ekspert hamjamiyatlarining vakillari ishtirok etadi.
Unda “Qo‘qon xonligi tarixi, davlatchiligi va geosiyosiy ahamiyati”, “Qo‘qon xonligida ilm-fan va madaniyatning rivojlanishi”, “O‘rta Osiyoda milliy uyg‘onish harakatlari”, “Turkiy dunyoning qalbi – Farg‘ona vodiysi. O‘tmish, bugun, kelajak” kabi yo‘nalishlarda 50 dan ortiq maʼruzalar o‘qiladi va konferensiya yakuni bo‘yicha tezislar to‘plami chop etiladi.
Konferensiya dasturi bo‘yicha uning ishtirokchilari uchun “Qo‘qon – Rishton – Marg‘ilon” bo‘ylab sayohat tashkil etiladi. Tarixiy yodgorliklar, hunarmandchilik ustaxonalari, ipak va boshqa milliy hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishiladi.
Xalqaro konferensiya natijasida tarixni kelajak avlodga haqqoniy yetkazib berishga oid muhim taklif va mulohazalar ishlab chiqildi. Bu nufuzli anjuman Qo‘qon xonligining boy tarixi va madaniyatining ochilmagan qirralarini dunyo ilmiy hamjamiyatiga maʼlum qilish, yoritish hamda Turkiy davlatlarning yana-da yaqinlashishida muhim ahamiyat kasb etadi.