O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishga oid tegishli farmon va qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida bugun – 5-iyul kuni Qo‘qon shahrida “Ziyorat turizmi” yarmarkasi tashkil etildi. Buning uchun Qo‘qon shahar hokimligi, Viloyat hunarmand uyushmasi, Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, Qo‘qon davlat muzey qo‘riqxonasi puxta tayyorgarlik ko‘rib, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan ziyorat turizmi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi turoperatorlar hamda hududlardan mohir hunarmandlarni jalb etgan holda viloyatimizning ziyorat turizmi salohiyatini ko‘rsatib beruvchi milliy hunarmandchilik va milliy suvenirlar mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etildi. Shuningdek, viloyatdagi folklor etnografik jamoalarning milliy kuy-qo‘shiqlari va badiiy chiqishlari bo‘lib o‘tdi.
Yarmarkaning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari X. Ahmedov, Qo‘qon shahar hokimi M. Usmonov va boshqalar tabrik so‘zi bilan chiqib, yarmarka ishiga muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Musulmonlari idorasining viloyatdagi vakilligi, Viloyat madaniy meros boshqarmasi hamda Qo‘qon davlat muzey qo‘riqxonasi xodimlarining mavzuga oid maʼruzalari tinglandi.
Qo‘qon shahar “Jome” majmuasining konferensiya zalida esa, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarining ichki va ziyorat turizm salohiyati taqdimotini bo‘lib o‘tdi. Bunda Farg‘ona viloyati Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari, Rishton va Farg‘ona tumanlarining turistik salohiyati namoyish qilingan bo‘lsa, Andijon viloyati Bog‘i shamol va Xonobod turistik zonalarining taqdimotini o‘tkazdi. Namangan viloyati ham Kosonsoy, Chust, Chodak kabi xushmanzara obyektlari haqida taqdimot namoyish qildi. Shu yerda Farg‘ona viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan mehmonlar uchun tayyorlangan esdalik sovg‘alar ham topshirildi.
Yarmarka davomida Marg‘ilon turizm va madaniy meros texnikumining ilk bitiruvchilariga diplomlar topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, texnikumni aʼlo baholarga tamomlagan 21 nafar yosh bitiruvchilar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha diplomlarga ega bo‘ldilar.
Kunning ikkinchi yarmida yarmarka ishtirokchilari Qo‘qon va Rishtonning diqqatga sazovor joylari bo‘ylab sayohatga chiqdilar.
Yarmarka haqida OAV xodimlari lavhalar tayyorladi.