
Bugun, 27-may kuni Farg‘ona shahridagi “Tadbirkorlar uyi” binosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 27-aprel kungi 203-F farmoyishi hamda shu xususda Farg‘ona viloyati hokimi farmoyishi ijrosini bajarishga qaratilgan viloyatdagi tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uni viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i X. R. Ahmedov olib bordi.
Yig‘ilishda viloyatning barcha shahar-tumanlaridagi turizm namoyishi obyektlari, turizm yo‘nalishlarini aniqlash, mahalliy va xorijiy turistlar talabiga muvofiq sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish nuqtalarini belgilash, jihozlash va mavjudligini o‘rganish hamda monitoring qilishni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Yig‘ilish davomida ushbu turizm namoyishi obyektlarining tashabbuskorlik ruhiyatini so‘ndirmaslik uchun ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda xatlovdan o‘tkazishga kelishib olindi.
Ishchi guruh tarkibiga quyidagi tashkilotlardan masʼullar belgilandi: Farg‘ona viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, Qurilish bosh boshqarmasi, Avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi, Transport boshqarmasi, "Hududgaz Farg‘ona" GTF, Viloyat teleradiokompaniyasi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi, shahar-tuman hokimliklari va boshqa aloqador tashkilotlar.
Ishchi guruh zimmasiga joriy yil 1 sentyabrga qadar Turizm namoyishi obyektlarini xatlovdan o‘tkazgan xolda yangi turizm yo‘nalishlarini aniqlab, mahalliy va xorijiy turistlar talabiga muvofiq sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish nuqtalarini belgilash, ularni qurish va foydalanish ishlariga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish, amaldagi sanitariya qoidalari va gigiyenik normativlari, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob berishi, qurish loyihalarini amalga oshirish uchun tegishli yer maydonlarini belgilangan tartibda ajratish, infratuzilma tarmoqlariga ulanish ishlarida amaliy yordam ko‘rsatish va to‘liq xatlovdan o‘tkazish vazifalari qo‘yildi.
2022 yil 1 noyabrga qadar esa, xatlov natijalariga ko‘ra turizm namoyishi obyektlari masʼullariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, tegishli qurilish taʼmirlash ishlarining 2023 yil hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritilishini nazoratga olish va 20 noyabrgacha respublika ishchi guruhida axborot kiritish belgilandi.