Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 27-apreldagi hamda Farg‘ona viloyati hokimligining 2022-yil 23-maydagi farmoyishlari ijrosini ta‘minlash maqsadida bir necha kundan buyon viloyat ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyati Turizm namoyishi obyektlarining sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rganilmoqda.
Shu kunga qadar 100 dan ortiq obyektlar ko‘zdan kechirilib, joylardagi ahvol haqida avval ham xabar bergan edik. O‘rganish obyektlari orasida aholi gavjum joylar, bozorlar, madaniy meros obyektlari, ziyoratgohlar, muzeylar, madaniyat va istirohat bog‘lari, temiryo‘l va avtovokzal, umumiy ovqatlanish shoxobchalari ham bor.
Afsuski, o‘rganilgan obyektlarning aksariyatida holatni yaxshi deb bo‘lmaydi. Tozalik, hudud obodonchiligi, kimyoviy moddalar bilan ishlov berilganligi, sanitariya normalariga rioya etish, infratuzilma va boshqa jihatlar ayanchli ahvolda. Mutasaddilarga berilgan savollar ochiqligicha qolmoqda. Yaqindagina ishchi guruh viloyatdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarini o‘rganib chiqqan edi. Ularda ham xuddi shunday kamchiliklar aniqlangan. Ularga ham kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar berilgan. Biroq, holat o‘nglanmayapti. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 27-apreldagi farmoyishida hududlardagi aholi gavjum va turizm namoyishi obyektlaridagi sanitariya-gigiyena holatlarini o‘rganish va tartibga solish bo‘yicha shahar va tuman hokimliklari huzurida ham maxsus ishchi guruh tashkillash belgilangan. Viloyat ishchi guruhi o‘rganilgan vaqtda esa, bironta ham shahar yoki tumanda ishchi guruh tuzilmaganligi maʼlum bo‘ldi. Qo‘qon shahri, Farg‘ona va Quva tumanlaridan tashqari joylarda o‘rganish ishlariga shahar va tumanlarning mutasaddi vakillari ishtirok etmadi. Oqibatda viloyatning turizm namoyishi obyektlaridagi sanitariya-gigiyena holat eʼtiborsiz qolib ketmoqda.
Xususan, Marg‘ilon shahridagi “Anor Famaly” kafesi, Erkin Vohidov nomidagi istirohat bog‘i, Said Ahmadxo‘ja Eshon madrasasi, kiyim-kechak bozori, avtoshohbekat, Uvaysiy uy-muzeyi, Qo‘qon shahri dehqon bozori, “Xojibek” madrasasi, “Hudoyorxon” saroyi, “Jome” majmuasi, “Norbo‘tabiy” madrasasi, “Miyonhazrat” madrasasi, Temir yo‘l vokzali, “Buyuk ipak yo‘li” savdo kompleksi, Uchko‘prik tumani avtoshohbekat, Shahit ota ziyoratgohi, Oltiariq tumani “Fahriylar va keksalar”, “Qiziltepa fizeoterapiya”, “Jahongir Mirzo” sihatgohi va markaziy dehqon bozori, Farg‘ona tumani “Satkak Aziz” va “Huvaydo” ziyoratgohi, “Chimyon savdo kompleksi”, “Fayz Savdo Sahovati” dehqon bozori o‘rganilganda sanitariya-gigiyena shoxobchalari ta‘mir talab ekanligi, ventilatsiya tizimi yo‘qligi ma‘lum bo‘ldi.
Binolarning kirish qismida (pandus) nogironlar yo‘laklari me‘yoriy talablar asosida qurilmaganligi, nogironlar hojatxonasi yo‘qligi, hojatxonadagi rakovinalari ta‘lab darajasida emasligi, suv jumraklari yaroqsiz holda ekanligi, sanitariya-gigiyena shoxobchalarining belgilari to‘g‘ri tashkil etilmaganligi, kirish eshiklari nosoz yoki zamon ta‘labiga mos emaslik holatlari maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib pandus o‘rnatish, nogironlar hojatxonasi tashkil qilish, mavjud hojatxonaning ventilyatsiya tizimini soz holatga keltirish hamda rakovinalarni to‘g‘ri joylashtirish va boshqalar yuzasidan tavsiyalar berildi.
Xuddi shuningdek, Quva, Yozyovon, Bag‘dod tumanlaridagi bir necha turizm namoyishi obyektlaridagi holatni salbiy baholash mumkin. Tabiiyki, viloyat ishchi guruhi aholi gavjum va turizm namoyishi obyektlarining barchasini ko‘rib chiqish imkoniyati ega emas. Viloyatimizda sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan dam olish joylari, sihatgohlar, ziyoratgoh va boshqa aziz joylarning sanitariya-gigena ahvolini namunali deb, bo‘lmaydi. Mavsum qizib turgan ayni kunlarda daromad olish ilinjida bo‘lgan xususiy tadbirkorlar bu masalaga mutlaqo befarq. O‘z navbatida shu hududlardagi masʼul shaxslar ham masalaga panja orasidan qaraydi. Sayyohlar esa bundan dili xufton bo‘lib, kimga dodini aytishni bilmaydi.
Xo‘sh, Farg‘ona viloyatidagi Turizm namoyishi obyektlarining sanitariya-gigiyena holati nega bunday?