O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6165-sonli farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24-fevraldagi “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 100-sonli qaroridan kelib chiqqan holda joylarda amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, 17-mart kuni Buxoro viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasining bir guruh mutaxassislari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurib, o‘zaro hamkorlik istiqbollari, Buxoro viloyatining ichki va ziyorat turizmi obyektlarining turistik potensiallari to‘g‘risida taqdimot loyihalarini o‘rtaga tashladi. O‘z navbatida Farg‘ona viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutaxassislari ham buxoroliklarni qiziqtiradigan turistik obyekt va marshrutlarning taqdimotini o‘tkazdilar.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida sayyohlik faoliyati bilan shug‘ullanuv-chi bir necha tadbirkorlar ham ishtirok etib, sohadagi muammolar, erishilayotgan yutuqlar haqida o‘rtoqlashdilar. Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan uchrashuvda qator kamchiliklar ham o‘rtaga tashlandi. Jumladan, transport logistikasi, yo‘l infratuzilmalari, mahalliy sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning saviyasi, joylashtirish vositalari, PR-tashviqot ishlari va boshqa sohalarda ishlarda qiladigan ishlar ko‘p ekanligi taʼkidlandi. Yoki, har ikki viloyatdagi turoperatorlar boshqa viloyatdagi sayyohlik obyektlari tashviqotini bir xilda olib bormayotganliklari natijasida uyushtirilayotgan guruhlarda keskin tafovut yuzaga kelayotganligi ham gapirib o‘tildi. Misol uchun Buxoro viloyatiga farg‘onalik turoperatorlar tomonidan 2021 yilda 35 mingdan ziyod mahalliy sayyohlar sayohatini tashkillagan bo‘lsa, Farg‘onaga bor-yo‘g‘i 2,5 mingta buxorolik sayyohlar kelganligini ko‘ramiz.
Uchrashuv yakunida shu va shu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik va kelgusida o‘zaro hamkorlikni yana-da kuchaytirish maqsadida Buxoro va Farg‘ona viloyati hokimliklari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bahodir Hoshimov