Kuni kecha Farg'ona viloyati Rishton tumanida «O'zbekiston hududlarida iqtisodiy islohotlar va barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo'llab-quvvatlash» loyihasi doirasida Mehmonxonalar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan "Xavfsiz mehmon uyi" o'quv-treningi ótkazildi.
Seminar-trening O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Farg‘ona viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati), Mehmonxonalar uyushmasi hamkorligida olib borildi.
Ushbu trening Rishton tumanining mashxur kulollaridan biri Said Ahmedov "Said's ceramics" oilaviy mehmon uyida bo'lib o'tdi. Bunda Rishton tumanida faoliyat olib borayotgan 15ta oilaviy mehmon uylari vakillari qatnashdilar.
Ikki kun davomida “Oilaviy mehmon uyi hududida yong‘in xavfsizligi talablari”, “Hududda oilaviy mehmon uyi xavfsizligi”, “Sanitariya gigiyenik me’yor talablari” mavzularida amaliy mahorat darslari o‘tkazildi.
Trening davomida mutaxassislar tomonidan yong'in xavfsizligi qoidalari, umumiy ovqatlanish standartlari, gigiyena va xonalarning sanitar holati, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish hamda tibbiy qutichadan foydalanish uslublari ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, trening yakuni bilan ishtirokchilarga "Xavfsiz mehmon uyi" Xalqaro sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.