
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21-sentyabrdagi "Yo‘l bo‘yi va turistik infratuzilmani yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 793-sonli qaroriga asosan respublikamizning barcha hududida avtomobillarga yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalarida doimiy ravishda monitoring olib borish joriy qilingan.
Bu borada Farg‘ona viloyatida ham viloyat hokimligining maxsus ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, bu ishchi guruh viloyatning barcha shahar va tumanlarida monitoring olib bormoqda. Ishchi guruh so‘nggi ikki hafta davomida Farg‘ona shahri va So‘x tumanidagi 40dan ortiq yo‘l bo‘yi infratuzilmalaridagi holatni o‘rganib chiqdi.
Afsuski, joylardagi ishlarni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Achinarlisi, bu masalaga viloyat markazi hisoblanmish Farg‘ona shahridagi ko‘plab muassasa rahbarlari panja ortidan qaramoqda. Ayniqsa, AYOQSHlarning rahbarlari Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qaroriga bepisand munosabatda. Farg‘ona shahridagi deyarli barcha AYOQSHda sanitariya-gigiyena normalari qo‘pol ravishda buzilayotganligini ko‘ramiz. Holatni o‘nglashga chaqirayotgan ishchi guruh esa AYOQSHlarning “zamonaviy rahbarlari” tomonidan sovuq, joiz bo‘lsa qo‘pol qarshi olinmoqda. Lekin ular shu zamonaviy va asilzoda ortida pokizalik, ozodalik, hech bo‘lmaganda shaxsiy gigiyena turishini anglamayaptilar chog‘i. Ularga pul to‘layotgan mijozni zarracha hurmat qilishmayapti. Yo‘lovchi, sayyoh u yoqda tursin o‘z xodimlari uchun ham yetarli shart-sharoit yaratib bermagan, bu “zamonaviy rahbarlar”. Ayrim joylarda ishchi guruhga nisbatan tazyiq o‘tkazish hollari ham bo‘ldi. Farg‘ona shahar hokimligi esa bu narsalardan “mutlaqo bexabar”ga o‘xshaydi.
Farg‘ona shahri hududida joylashgan “Farg‘ona siti bus” MCHJ rahbariyatining qilgan harakatlari hammasidan oshib tushdi. Hududning antisanitariya holatda ekanligi, gaz kolonkasiga avtomobillar tartibsiz kirib-chiqishi, sanuzellarning abgor holda ekanligini ko‘ra-bila turib, “xohlasang shu” zaylida ish tutmoqda. Bir necha marta ogohlantirilishiga qaramay holatni o‘zgartirmay kelmoqda. O‘ylaymizki, tegishli idoralar ushbu holat yuzasidan tez kunlarda o‘z munosabatini bildiradi.
So‘x tumanida esa buning aksini ko‘ramiz. Ishchi guruh vakillarining taʼkidlashlariga, 2021 yilning dekabr oyida olib borilgan monitoring natijalari bo‘yicha berilgan barcha ko‘rsatma va topshiriqlar mutasaddilar tomonidan bajarilgani aniqlandi.
Ushbu masalani teran anglagan har bir soha vakili borki, uni amalga tatbiq etish maqsadida faoliyat olib bormoqda. So‘x tumanida 7 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyati o‘rganilganda, aholi va sayyohlar uchun yaratilgan birlamchi shart-sharoitlar nisbatan o‘zgarganligini ko‘rish mumkin.
To‘g‘ri ulardagi sharoitni ham ideal holda deb bo‘lmaydi. Har holda tuman hokimligi ushbu o‘rganish natijalariga jiddiy qarab, ishchi guruh kiritgan taklifga asosan, tashkilot va muassasalarning sanitariya holatlari sezilarli darajada o‘nglamoqda.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Kim shaharda yashaydi-yu, kim qishloqda? Yo‘lovchi yoki sayyoh u yoqda tursin, o‘z hamkasblariga, boring ana o‘zi uchun anqib turgan shu sharoitni loyiq deb bilgan “zamonaviy tadbirkor – rahbar” nega shunday bo‘lib qolgan?
Bahodir Hoshimov