Bugun 7-mart kuni Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda “Leo-Impact Consulting” konsalting kompaniyasi rejasiga ko‘ra, shu kompaniyaning xalqaro eksperti Meyv O‘Brayen xonim Marg‘ilon turizm va madaniy meros texnikumiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan asosiy maqsad “O‘zbekiston hududlarida iqtisodiy islohotlarni va barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasidagi ishlar bilan yaqindan tanishish hamda kelgisudagi rejalar bilan o‘rtoqlashib olishdan iborat edi. Nufuzli mehmonni Farg‘ona viloyati hokimi o'rinbosari X. R. Ahmedov, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M. T. Temirov, Marg‘ilon turizm va madaniy meros texnikumi direktori R. Sarimsoqov hamda texnikumning o‘qituvchi va talabalari tantanali ravishda kutib oldi.
Meyv O‘Brayen xonim tashrif davomida viloyatning mutasaddi vakillari hamda texnikum maʼmuriyati bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. So‘ngra Marg‘ilon turizm va madaniy meros texnikumida loyihalarning borishini muhokama qilib, dual tizim elementlarini joriy etish bo‘yicha tadbirga tayyorgarliklar hamda boshqa tashkiliy masalalar bilan tanishdi. Bundan tashqari O‘Brayen xonim talabalarning xorijda o‘qish masalalari, xalqaro turizm istiqbollari hamda O‘zbekiston bilan xorijiy davlatlarining shu sohadagi hamkorliklari to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Meyv O‘Brayen xonim talabalar bilan uchrashuv – seminar o‘tkazib, talabalarning turizm sohasi haqidagi tasavvurlari, istiqbollari va muammolari haqida fikr almashdi. Ularning texnologik ko‘nikmalar auditi (+ IT uskunalari auditi) bilim va ko‘nikmalar auditi (masalan, malaka darajasi, tashabbus va boshqalar) bilan qiziqdi.
Shuningdek, mehmonlar texnikumda tayyorlanayotgan bahor taomi sumalak saylida hamda Marg‘ilon musiqa va sanʼat maktabi raqqosa qizlarining bayram tadbirlarida ham ishtirok etdi. Mehmonning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Bahodir Hoshimov