Yohud Farg‘ona viloyatida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-104-sonli qaroridan kelib chiqib, mamlakatimizda turizm sohasi uchun ham qator imkoniyatlar berildi. Yoki, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 631-sonli qaror bilan joylarda tadbirkorlar uchun yangidan-yangi qulayliklar berilmoqda.
Shu ishlarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi monitoring guruhi 18-aprel kuni Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi. Unga Turizm va madaniy meros vazirligining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari L.Zakirlayeva rahbarlik qilib, bugun 19-aprel kuni Farg‘ona tumani hokimligi binosida mavzuga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda, Turizm va madaniy meros vazirligi mutasaddi vakillari bilan birga Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari X. R. Ahmedov, viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutasaddi xodimlari, tuman hokimligi vakillari, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan qishloq va mahallalar raislari, yoshlar yetakchilari hamda tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibida tumanning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarida oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tov lagerlari, avtokempinglar, ekouylar majmuasi, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlarni tashkil etish hamda ularga kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida, L.Zakirlayeva yig‘ilish ishtirokchilariga “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-104-sonli qarorning mazmun mohiyati, qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida ijrosini ta‘minlash hamda tumanning rivojlanish darajasi va talab-ehtiyojidan kelib chiqib, tizimli ishlarni tashkil etgan holda targ‘ibot-tashviqot ishlarini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib o‘tdi.
Afsuski, ko‘rsatgichlar ko‘ngildagidek emasligi taʼkidlandi. Farg‘ona tumani viloyatda turizm sohasida yetakchi tumanlardan bo‘lishiga qaramay bor-yo‘g‘i 4 ta tadbirkordan mehmon uyini rivojlantirish uchun kredit olishga ariza tushgan xolos. Vaholanki, Farg‘ona tumanida ushbu sohaga qo‘llab-quvvatlash uchun 6,9 mlrd. so‘m miqdordagi kredit mablag‘lari ajratish ko‘zda tutilgan.
Sayyohlik mavsumida tumandagi Avval, Vodil, Satkak va Chimyon qishloqlarining har biri 50 mingdan ziyod mahalliy sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Tumanda esa bor-yo‘g‘i 5 ta hostel va 43 ta oilaviy mehmon uyi faoliyat ko‘rsatadi xolos. Bu obyektlar bir vaqtning o‘zida 500 ta mehmonni qabul qila oladi xolos. Tabiiyki, sayyohlarning ko‘pi noqonuniy joylashtirish vositalaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bu albatta siz va biz kabi mutasaddi shaxslarning aybi, dedi vazirlik vakili L. Zakirlayeva
Tanqidiy ruhda o‘tgan ushbu yig‘ilish yakunida, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Rustamovich so‘z olib, tuman hokimi tegishli mas‘ullarga Farg‘ona tumani hududida oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tov lagerlari, avtokempinglar, ekouylar majmuasi, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlarni tashkil etish hamda ularga kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha aholi o‘rtasida tadbirkorlarga beriladigan imtiyozlar, imkoniyatlar to‘g‘risida tushuntirish ishlarini kuchaytirib, qonunchilikda belgilangan tartibda tashkillangan mehmonxona va mehmon uylarini ko‘paytirishga qaratilgan keskin choralarni ko‘rishimiz kerak, dedi.
Shundan kelib chiqqan holda hukumatimiz chiqarayotgan qarorlar aslida hayotga qanday tatbiq qilinmoqda? degan o‘rinli savol kelib chiqadi.
Bahodir Hoshimov