So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor berilayotganligi ko‘pchilikka maʼlum. Ayniqsa, 2019 yil 5-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5611-sonli farmoni eʼlon qilingach, bu sohaga nisbatan qiziqish ortdi. Shundan kelib chiqqan holda Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida 2019-yil 10-mayda “Pamirtravel” turistik firmasi tashkil etildi. Uning rahbari shu tumanda istiqomat qiluvchi, ximiya-biologiya fani o‘qituvchisi Mo‘minova Manzuraxon hisoblanadi.
Uning aytishiga qaraganda, maktab ishlab yurgan kezlarida bolalarni Markaziy Farg‘ona cho‘llariga tez-tez sayohatga olib chiqar, sayohat va turizm gashtini o‘quvchilarga singdirar edi. Nima bo‘ldi-yu, 2018 yilda Yozyovonga “Dunyo bo‘ylab” telekanali ijodkorlari kelib, cho‘l tabiati to‘g‘risida hujjatli film suratga oldi. Ushbu filmga Manzuraxon opa maslahatchi sifatida taklif qilindi. Uning g‘oyasi bilan Shohimardon va Yozyovondagi ziyoratgohlar, ekoturistik obyektlar to‘g‘risida ham film suratga olindi. Shu-shu unda turizm sohasiga jiddiy qiziqish uyg‘ondi. O‘sha vaqtdagi viloyatning turizm mutaxassislari maslahati bilan Turistik firma ochishga qaror qildi. Buning ustiga Prezidentimizning yuqoridagi farmonlari eʼlon qilindi. Tez orada (2019 yilda) M. Mo‘minova Toshkent shahridagi “Turizm o‘quv-konsalting markazi” DUKda “Turizm mutaxassisi (Turoperatorlik)” kurslarini tamomlab chiqdi.
Prezidentimizning farmonlaridan ruhlanib 2019 yil 10-mayda “Pamirtravel” turistik firmasini tashkil etdi va o‘rnatilgan tartibda muvofiqlik sertifikatini oldi. Shu yilning o‘zida Yozyovon va Shohimardon hududlarida turizmini rivojlantirish maqsadida farg‘ona tumani Yordon MFYda sayohatchi va ziyoratchilar uchun 30 o‘rinli dam olish maskani tashkil etdi. Shu yilning o‘zida Yozyovon, Farg‘ona va Quva tumanlari, Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon va Quvasoy shaharlaridagi pedagog va tibbiyot xodimlaridan iborat sayohatchi guruhlar tashkillab, yil yakuniga qadar 22 mingta sayyohga xizmat ko‘rsatdi. Afsuski, butun dunyoda bo‘lgani kabi pandemiya ushbu firma faoliyatiga ham salbiy taʼsir o‘tkazdi. Bu o‘rinda Prezidentimizning 2020 yil 28-maydagi 6002-sonli farmoni qo‘l kelib, firma tomonidan sohani saqlab qolish va yana-da rivojlantirishga qaratilgan “Yozyovon Buyuk ipak yo‘lidamiz” nomli yangi turizm yo‘nalishi loyihasi ishlab chiqildi. Bu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 10 mln. so‘m miqdorda davlat granti ajratildi.
Bu ko‘mak taʼsirida 2021 yilga o‘tib firmaning faoliyati yana jonlandi. Endi “Pamirtravel” turistik firmasining xodimlari soni 10 nafarga yetdi.
Ayni kunlarda “Pamirtravel” turistik firmasi o‘z faoliyatini ancha kengaytirgan. Firma O‘zbekistonning Xiva, Buxoro, Nukus, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Andijon va Namangan shaharlaridagi turizm sohasi muassasasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bundan tashqari Qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari bilan ham hamkorlik qilinmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘l” ham uning doimiy hamkoridir.
“Pamirtravel” turistik firmasi har yili o‘rta hisobda 30 ming sayohatchiga xizmat ko‘rsatmoqda. 2021 yildagi ko‘rsatgich bo‘yicha bu sayohatchilarning 22 ming nafari yoshlar, 2 ming nafari temir daftarga kiritilgan ayollar, 2,5 ming nafari kam taʼminlangan fuqarolar va 3 ming nafari keksalar hisoblanadi. Ularning hammasi Xiva, Buxoro, Samarqand, Andijon, Namangan va Yozyovondagi tabarruk ziyoratgohlariga sayohatga qildi.
Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasining Qadamjoy tumani “Oq qayin” tog‘ o‘rmon turizm maskaniga, Dugoba alpinistlar lageriga tog‘ turizmi, madaniy turizm, Botken tumandagi etnografik turizmni ham yo‘lga qo‘ydi. Firma Qirg‘izistonning “KygyzPamirTours” turistik firmasi bilan hamkorlik memorandumi imzolagan bo‘lib, o‘zbekistonlik sayyohlarni “Oq qayin” dam olish maskaniga sayohatlarini tashkillamoqda.
Bundan tashqari Tojikiston Respublikasi Laxsh tumani turizm tashkiloti bilan hamkorlik o‘rnatildi.
Endilikda “Pamirtravel” turistik firmasi ekoturistik yo‘nalishlari bo‘yicha baliqchilik va ovchilikni yo‘lga qo‘ymoqchi hamda , yoshlar turizmi yo‘nalishi bo‘yicha ham faoliyatni kengaytirmoqchi. Bu yildan o‘zi xizmat ko‘rsatayotgan sayyohlar sonini 50 mingtaga yetkazmoqchi.
Bahodir Hoshimov